Qatar Isroilga qarshi javob tayyorlamoqda

Olam

image

Qatar o‘z suverenitetiga qaratilgan har qanday hujumni qabul qilmaydi va uni buzganlarga qarshi javob chorasini qo‘llaydi. Bu haqda mamlakat Bosh vaziri Muhammad bin Abdurahmon bin Jassim Ol Soniy ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Qatar Isroil zarbalariga faqat bitta chora bilan emas, balki turli yo‘llar bilan javob qaytaradi va kelajakda bunday hujumlarning oldini olish uchun harakat qiladi. Shu maqsadda, diplomat Muhammad bin Abdulaziz al-Xulayfiy rahbarligida huquqiy choralarni ishlab chiqadigan maxsus guruh tuzilgan. Doha allaqachon o‘ziga do‘st bo‘lgan mamlakatlar bilan bog‘langan va tez orada javob choralarini e’lon qiladi.

“Davlatlarning suverenitetini beparvolik bilan buzishga qaratilgan harakatlarni e’tiborsiz qoldirib bo‘lmaydi, ular bilan barcha vositalar orqali kurashish kerak”, degan Ol Soniy. 

U, shuningdek, Binyamin Netanyaxuni xalqaro huquqlarga tupurib qo‘ygani, butun mintaqani qaytmas oqibatlarga olib borayotgani va tinchlikka erishish bo‘yicha barcha urinishlarni yo‘qqa chiqarganini ta’kidlab, hamma ayblovlarni Isroil Bosh vaziriga yuklagan.

Muzokaralarda ishtirok etayotgan davlatda vositachilarni o‘ldirishga urinishni u “axloqsizlik va xiyonat” deb atagan.

Ol Soniyning so‘zlariga ko‘ra, Netanyaxu o‘zini mintaqada tinchlik uchun harakat qilayotgandek ko‘rsatsa-da, aslida u o‘z manfaatlari yo‘lida qo‘lidan kelgan barcha ishni qilmoqda. 

“Bugun biz shunday burilish nuqtasiga yetdikki, butun mintaqa bunday vahshiyona xatti-harakatlarga qarshi javob qaytarishi kerak”, degan Qatar vaziri. 

Bosh vazir Isroilning Dohaga bergan zarbalarini faqat “terrorizm” sifatida baholash mumkinligini qo‘shimcha qilgan. 

Isroilning Qatarga yo‘llagan zarbalari 

Kecha, 9 sentyabr kuni kunduzi Isroil Dohadagi uylarga zarbalar yog‘dirdi. Qatar Tashqi ishlar vazirligi hujum ostida qolgan uylar orasida “HAMAS siyosiy byurosi a’zolari yashab kelgan joylar” bo‘lganini bildirdi. OAVga ko‘ra, bu hujumda guruh rahbarlari, jumladan, G‘azo sektoridagi yetakchi Xalil al-Xayya va siyosiy byuro rahbari Xolid Mash’al halok bo‘lgan.

Biroq HAMAS a’zosi Suhayl al-Xindiy bu xabarni rad etgan va uning aytishicha, aslida Xalil al-Xayyaning o‘g‘li Hammam hamda uning ofis-menejeri vafot etgan. Qatar Ichki xavfsizlik kuchlari xodimlaridan biri ham halok bo‘lgani, bir necha kishi jarohatlangani aniqlangan.

Kanada, Fransiya va Buyuk Britaniya kabi bir qator davlatlar Isroilning bu harakatlarini qoraladi. AQSH Prezidenti Donald Tramp esa Qatar hududida bunday hodisa yuz berganidan afsus bildirgan. HAMAS esa AQSHni ham bu hujum uchun mas’ul deb bilishini aytgan.

Qatar voqeadan so‘ng HAMAS va Isroil o‘rtasida vositachilik faoliyatini vaqtincha to‘xtatdi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq ko‘plab mamlakatlar qatori O‘zbekiston ham Isroilning Doha shahridagi turarjoy hududiga uyushtirgan hujumlarini qoralab, buni Qatar suverenitetini buzish, chegaralar daxlsizligi va xavfsizligiga tajovuz deb baholagandi.


Maqola muallifi

Teglar

Doha Qatar Isroil HAMAS Muhammad bin Abdurahmon bin Jassim Ol Soniy

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing