Qashqadaryodagi perinatal markazida ayollarga joy topilmayaptimi?
Jamiyat
−
12 Oktabr 2023
5479Ijtimoiy tarmoqlarda Qashqadaryo viloyati perinatal markazida yangi ko‘zi yorigan ayollar va chaqaloqlar yerda yotgani haqida xabarlar tarqaldi. Mazkur holatga viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi rasmiy munosabat bildirdi.
Unga ko‘ra, holatga aniqlik kiritish maqsadida boshqarma mas’ullari tomonidan tezkor surishtiruv ishlari olib borilgan. Tekshiruvdan so‘ng, xabarda keltirilgan ma’lumotlar asossizligi aniqlangan. Shuningdek, tegishli hujjatlarda joriy yilning 11 oktyabr kuni 200 o‘ringa mo‘ljallangan markazda 186 nafar homilador va ko‘zi yorigan ayol yotgani qayd etilgan.
“200 o‘ringa ega bo‘lgan mazkur markazda shu kuni suratda aks etgan holat aslo kuzatilmagan (suratning qachon va qayerda olingani bo‘yicha qo‘shimcha o‘rganishlar olib borilmoqda). Ayollar va chaqaloqlarning hech biri yerda yotmagan, har bir ayolga zarur sharoitlar yaratilgan”, deyiladi xabarda.
Shuningdek, homilador va ko‘zi yorigan ayollar bilan suhbatlashilganda ham ushbu xabarlar tasdiqlanmagan. Viloyat SSBga ko‘ra, bugungi kunda markazga shu muassasada 20 yildan beri ishlab kelayotgan Shodiyev Bobonazar rahbarlik qilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qashqadaryodagi bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazining gastroenterologiya bo‘limi xonalarida suvaraklar borligi aks etgan video tarqalib, ko‘plab muhokamalarga sabab bo‘lgan edi. Shundan so‘ng, joriy yilning 15 avgust kuni viloyat bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi gastroenterologiya bo‘limida Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati viloyat boshqarmasi mas’ullari dezinfeksiya va dezinseksiya tadbirlarini amalga oshirgandi.
LiveBarchasi