Qashqadaryoda soxta IIO xodimi ushlandi
3-sahifa
−
28 noyabr
4769Qashqadaryo viloyatida Ichki ishlar formasini kiyib, o‘zini katta leytenant sifatida ko‘rsatib, fuqarolarning pullarini o‘zlashtirib kelgan shaxs ushlandi. Bu haqda viloyat ichki ishlar boshqarmasi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, IIV Shaxsiy xavfsizilik bosh boshqarmasi va Qashqadaryo viloyati bosh boshqarmasi tomonidan tezkor tadbir o‘tkazilgan. Tadbir davomida Ichki ishlar organlarining xizmat kiyimini kiygan holda o‘zini IIO xodimi deb tanishtirib, fuqarolarning pullarini o‘zlashtirib kelgan shaxs aniqlangan.
Ushbu shaxs katta leytenant unvoni bilan fuqarolarni aldab, ularning ishonchiga kirgan. U joriy yilning fevral oyida G‘uzor va Qamashi tumanida yashovchi fuqarolarni aldab, har birining nomiga 11 mln so‘mdan jami 22 mln so‘mlik kredit va boshqa moddiy boyliklarni rasmiylashtirgan. So‘ngra ushbu pullarni qo‘lga kiritib, o‘zining ehtiyojlari uchun ishlatib yuborgan.
Erkakning shaxsiga aniqlik kiritilib, protsessual tartibda ushlangan. Xolislar ishtirokida uning uyidan IIOning kiyimlari ashyoviy dalil sifatida olingan.
Hozirda “soxta xodim”ga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (Firibgarlik) 3-qismi "b" bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent shahrida Ichki ishlar organlari formasini kiygan ikki nafar soxta xodim ushlangandi. Xolislar bilan ko‘zdan kechirilganda muqaddam bir necha bor sudlangan bu shaxslar oldidan kuchli ta’sir qiluvchi doriga o‘xshash moddalar topilib, daliliy ashyo sifatida olingan. Mazkur ikki fuqaro yonidan topilgan dorilar ekspertizaga topshirilgan va shaxslarning xatti-harakati yuzasidan hujjatlar rasmiylashtirilib, qonuniy qaror qabul qilinishi belgilangan.
LiveBarchasi
Dollar kursi biroz pastladi.
04 dekabr