Qashqadaryoda ham og‘ir yuk mashinalarining harakati vaqtinchalik cheklandi

Jamiyat

image

Qashqadaryo viloyatida og‘ir yuk avtomobillarining harakatiga vaqtinchalik cheklov joriy etiladi. Bu haqda viloyat hokimligi xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, avtomobil yo‘llari qoplamasini saqlash hamda ularning muddatidan oldin shikastlanishining oldini olish maqsadida og‘ir yuk avtomobillarining harakatiga vaqtincha cheklov joriy etilgan.

Gidrometeorologiya xizmatining ma’lumotlariga ko‘ra, viloyatda kunduz kunlari havo harorati 42–44 darajagacha, ayrim hududlarda esa undan ham yuqoriga ko‘tarilmoqda. Bunday issiq havoda asfalt qoplamasi 70–75 darajagacha qizib, uning og‘ir yukni ko‘tarish qobiliyati pasayadi. Natijada yo‘llarda g‘ildirak izlari, deformatsiyalar va boshqa shikastlanishlar yuzaga kelishi mumkin.

“Shu munosabat bilan, davlat byudjeti hamda xalqaro moliya institutlari mablag‘lari hisobidan qurilgan va ta’mirlangan avtomobil yo‘llarini asrash maqsadida, O‘zbekiston Respublikasining “Yo‘l harakati to‘g‘risida”gi Qonuni (O‘RQ–900)ning 15 va 23-moddalari hamda “Avtomobil yo‘llari to‘g‘risida”gi Qonunining 16-moddasi talablariga muvofiq, Qarshi shahri, tuman markazlari hamda ularni bog‘lovchi umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llarida og‘ir yuk avtomobillarining harakati har kuni soat 09:00 dan 19:00 gacha vaqtincha cheklanadi”, deyiladi hokimlik axborotida.

Haydovchilar hamda yuk tashuvchi korxonalardan belgilangan cheklovlarga amal qilishlari va yuk tashish vaqtlarini shunga mos ravishda rejalashtirishlari so‘ralgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Surxondaryo viloyatida og‘ir yuk avtomobillarining harakatiga vaqtincha cheklovlar joriy etilishi haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing