Jazirama ortidan Surxondaryoda yuk avtomobillarining harakati cheklandi
Jamiyat
−
11:17 1070 2 daqiqa
Surxondaryo viloyatida og‘ir yuk avtomobillari harakatiga vaqtincha cheklovlar joriy etiladi. Bu haqda Surxondaryo viloyati hokimligi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Surxondaryo viloyatida og‘ir yuk avtomobillari harakatiga vaqtincha cheklov joriy etiladi. Bunga sabab qilib hokimlik viloyatda kuzatilayotgan o‘ta issiq ob-havo sharoitida avtomobil yo‘llari qoplamasini saqlash hamda ularning muddatidan oldin shikastlanishining oldini olish ekanini bildirgan.
Gidrometeorologiya xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, viloyatda kunduzi havo harorati 42–44°S gacha, ayrim hududlarda esa undan ham yuqori darajaga ko‘tarilmoqda. Hokimlikka ko‘ra, bunday sharoitda asfaltobeton qoplamasi harorati 70–80°S gacha yetib, qoplamaning yuk ko‘tarish qobiliyati pasayadi. Oqibatda og‘ir yuk avtomobillari harakati ta’sirida yo‘l qoplamasida g‘ildirak izlari, deformatsiya va boshqa texnik nuqsonlar yuzaga kelishi mumkin.
“Shu munosabat bilan, davlat byudjeti hamda xalqaro moliya institutlari mablag‘lari hisobidan qurilgan va ta’mirlangan avtomobil asrash maqsadida, O‘zbekiston Respublikasining "Yo‘l harakati to‘g‘risida"gi Qonuni (O‘RQ–900)ning 15 va 23-moddalari hamda "Avtomobil yo‘llari to‘g‘risida"gi Qonunining 16-moddasi talablariga muvofiq, Termiz shahri, tuman markazlari hamda ularni bog‘lovchi umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llarida og‘ir yuk avtomobillarining harakati har kuni soat 10:00 dan 19:00 gacha vaqtincha cheklanadi”, deyiladi hokimlik axborotida.
Haydovchilar, yuk tashuvchi korxona va tashkilotlardan mazkur cheklovlarga qat’iy rioya qilishlari, yuk tashish vaqtlarini belgilangan tartib asosida rejalashtirishlari so‘ralgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq kuzatilayotgan jazirama sababli Qoraqalpog‘iston Respublikasining Nukus shahri va yana 8 tumanidagi bog‘chalar faoliyati vaqtincha to‘xtatilgan edi. Shundan so‘ng Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi matbuot kotibi Dilfuza Sobirova O‘zbekistonda kutilayotgan anomal issiq havo sababli bog‘chalar vaqtincha yopilishi mumkinligini ma’lum qilgandi. Shuningdek, Toshkent shahar hokimligi ham Toshkent shahrida anomal issiq ob-havo sabab ko‘chalarga suv sepish va yashil hududlarni sug‘orish ishlari kuchaytirilishini bildirgandi.
Live
Barchasi