Poytaxtda jazirama sabab favvoralar uzluksiz ishlaydi

Jamiyat

image

Toshkent shahrida anomal issiq ob-havo sabab ko‘chalarga suv sepish va yashil hududlarni sug‘orish ishlari kuchaytirildi. Bu haqda Toshkent shahar hokimligi xabar berdi.

Qayd etilishicha, aholi uchun qulay sharoit yaratish hamda yashil hududlarni saqlab qolish maqsadida markaziy va asosiy ko‘chalarda maxsus texnikalar yordamida suv sepish ishlari belgilangan jadval asosida davom ettirilmoqda.

Shuningdek, gazonlar, daraxtlar va boshqa yashil hududlarni sug‘orish ishlari ham jadallashtirilgan.

Mazkur ishlar Toshkent shahar hokimligi, Toshkent shahar Obodonlashtirish bosh boshqarmasi, Toshkent shahar Maxsus sug‘orish uskunalarini ta’mirlash va saqlash ixtisoslashtirilgan boshqarmasi hamda Alohida ahamiyatga ega ko‘chalarni obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish boshqarmasi hamkorligida amalga oshirilmoqda.

Bundan tashqari, yaqin kunlarda shahar favvoralarining uzluksiz ishlashi ham ta’minlanishi rejalashtirilgan. Qayd etilishicha, bu jazirama kunlarda poytaxt aholisi va mehmonlari uchun salqinroq hamda qulay muhit yaratishga xizmat qiladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda joriy hafta oxirigacha jazirama kuchayib, havo harorati ayrim hududlarda 44 darajagacha ko‘tarilishi kutilayotgani haqida xabar berilgan edi. Jazirama sababli Sog‘liqni saqlash vazirligi yozning issiq kunlarida aholiga issiq ob-havo ta’siridan himoyalanish va salomatlikka e’tibor qaratish bo‘yicha tavsiyalar berdi.

Shuningdek, jazirama sababli Qoraqalpog‘iston Respublikasining Nukus shahri va yana 8 tumanidagi bog‘chalar hamda Xorazmdagi barcha davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari faoliyati vaqtincha to‘xtatilishi belgilandi. Keyinroq esa Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi bu choralar O‘zbekistonning barcha hududlarida joriy qilinishini ma’lum qildi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing