Qarshida “zamhokim” xodimlarni bo‘ralab so‘kdi (video)
3-sahifa
−
05 iyun 24365 3 daqiqa
Qashqadaryo viloyati Qarshi shahrida hokimning birinchi o‘rinbosari Nurbek Turdiyev yig‘ilishda xodimlarni bo‘ralab haqorat qildi. Bu haqda QALAMPIR.UZ’ga videomurojaat yetib keldi.
Ushbu murojaatga ko‘ra, Turdiyev onlayn yig‘ilishga kechikib kirgan xodimni kurakda turmaydigan so‘zlar bilan haqoratlab, uni kamsitgan.
“Sen eshak o‘zing kimsan, bir tiyinga qimmat odamsan-ku. Hali meni darajamga yetasanmi hali yo‘qmi. Bir tiyinga qimmatsan”, degan Turdiyev.
U, shuningdek, yana bir xodimga nisbatan o‘ta qo‘pol so‘zlar ishlatgan.
Shuningdek, murojaatchilar hokim o‘rinbosari ishchilarni doimiy kamsitib kelishi, asossiz ishdan bo‘shatishi haqida ham aytgan.
“Bu rahbar – Qarshi shahar hokimi o‘rinbosari faoliyatidan nafaqat men, balki hokimlikning ko‘plab xodimlari ham aziyat chekmoqda. U ayrim xodimlarni noqonuniy ravishda ishdan bo‘shatgan. Sud tomonidan ularni ishga tiklash haqida qaror chiqarilgan bo‘lsa-da, shahar hokimligi ushbu sud qarorlarini bajarmayapti. Sudga chaqirilganda mas’ullar bormasligi holatlari ham kuzatilmoqda. Bu muammolar davom etayotganiga qariyb bir yil bo‘ldi, ammo hanuzgacha hech kim tegishli chora ko‘ra olmayapti. Majburiy ijro organlariga murojaat qilinganda ham hokimiyatga nisbatan amaliy ta’sir o‘tkazish qiyin. Chunki ayrim mas’ullar bu masalaga aralashsa, o‘z lavozimidan ayrilib qolishidan xavotirda”, degan murojaatchi.
U yaqin orada hokimlik xodimlaridan biri pora bilan qo‘lga tushgani va keyinchalik jarima bilan qutulib ketganini ham qo‘shimcha qilgan.
“Yaqinda hokimlik xodimlaridan biri pora bilan qo‘lga tushgani haqida ham xabarlar tarqaldi. Ammo eshitishimizcha, u keyinchalik jarima yoki tovon puli evaziga javobgarlikdan qutulgan. Shu kabi davom etayotgan nohaqliklar bilan shug‘ullanadigan, vaziyatga xolis baho beradigan tashkilot bormi? Respublikadan kelgan tekshiruv vakillari esa ko‘pincha "muammo yo‘q, murojaatlar yo‘q" degan xulosa bilan qaytib ketishadi. Vaholanki, hokimlikdagi haqiqiy ahvol bundan mutlaqo boshqacha.
Bir necha xodimlar aybsiz holda ishdan bo‘shatilgan. Hatto sud qarori bilan ishga tiklanishi belgilangan fuqarolar ham amalda o‘z ishiga qaytarilmayotgani haqida ma’lumotlar bor. Agar hokimiyat sud qarorlariga bo‘ysunmasa, bu qonun ustuvorligi tamoyiliga zid emasmi? Axir hokimiyat organlari jamiyatga o‘rnak bo‘lishi kerak-ku.
Xodimlarga bo‘lgan muomalani ko‘rsangiz, go‘yo ayrimlar davlat idorasini o‘zining shaxsiy mulkidek boshqarayotgandek taassurot uyg‘otadi. Lavozim hech kimga meros bo‘lib qolmagan. Davlat idoralarida qonun, adolat va insoniy munosabat ustuvor bo‘lishi kerak.
Menimcha, bu masalaga faqat respublika darajasidagi vakolatli organlar xolis va adolatli baho berib, tegishli choralar ko‘rishi mumkin”, degan murojaatchi.
QALAMPIR.UZ jurnalisti holatga aniqlik kiritish va rasmiy munosabat olish uchun shahar hokimligining matbuot xizmati bilan bog‘landi. Biroq ushbu voqea haqida so‘ralganda, hokimlikning mas’ul xodimi hech qanday izoh va tushuntirish bermasdan telefonni o‘chirib qo‘ydi. Keyinchalik, qayta qo‘ng‘iroq qilinganda esa hokimlik vakillari qo‘ng‘iroqlarga javob berishni lozim topmadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Andijon viloyati Asaka tumani hokimi Nasibillo Mo‘minovning ovozi ekani aytilgan audioyozuv keng tarqalib, qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘lgandi.
Live
Barchasi