Qancha pul to‘lasa ham dronlarni Rossiyaga sotmaymiz, biz Ukraina tomondamiz – “Bayraktar” muallifi

Olam

image

Turkiyaning “Baykar Makina” kompaniyasi o‘zining “Bayraktar” jangovar uchuvchisiz uchish apparatlarini Rossiyaga yetkazib berishni mumkin deb hisoblamaydi. Bu haqda kompaniya bosh direktori Haluk Bayroqdor bugun, 26 avgust kuni BBC rus xizmati tomonidan chop etilgan intervyusida ma’lum qilgan. 

“Biz uchun pul birinchi o‘rinda emas. Bizning biznesimizda pul va moddiy resurslar hech qachon maqsad bo‘lmagan. Ukraina bilan do‘stligimiz va hamkorligimiz ko‘p yillardan buyon davom etib kelmoqda. Shuning uchun bizga qancha pul taklif qilishsa ham, rostini aytsam,  bu vaziyatda uchoqlarni ularga topshirish haqida gap bo‘lishi mumkin emas”, deydi u dronlarni Moskvaga sotish imkoniyati haqidagi savolga javob berib. 

Xaluk Bayroqdor qo‘shimcha qildiki, uning kompaniyasi butunlay Ukraina tomonida va qancha miqdor taklif qilinmasin, hech narsa Ukraina bilan hamkorlikka soya solmaydi. 

5 avgust kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Sochida Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an bilan muzokara o‘tkazdi. Rossiya Federatsiyasi Prezidentining matbuot kotibi Dmitriy Peskovning keyinroq jurnalistlarga ma’lum qilishicha, ushbu muzokaralarda dronlarni ishlab chiqarish va yetkazib berish bo‘yicha hamkorlik mavzusi muhokama qilinmagan. Biroq, safarda Rajab Toyib Erdo‘g‘anga “Bayraktar” muallifi “Baykar Makina” kompaniyasi direktori Haluk Bayroqdor ham hamrohlik qilgandi. 

Ma’lumot uchun, “Bayraktar” ishlab chiqaruvchisi Turkiya Respublikasi Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘anning qudasi sanaladi. Uchoqlarning asl muallifi uning kuyovi Selchuk Bayroqdor. 

Eslatib o‘tamiz, Rossiya Mudofaa vazirligi “Armiya-2022” harbiy-texnik forumida ilk bor Ukrainadagi maxsus operatsiya davomida havo hujumidan mudofaa tizimlari tomonidan urib tushirilgan “Bayraktar TB2” uchuvchisiz uchish apparatini namoyish etdi. 

Shuningdek, Kreml Turkiyaning “Baykar” kompaniyasi Ukrainada “Bayraktar TB2” hujumchi uchuvchisiz uchish apparatlarini ishlab chiqarish zavodi ochsa, u darhol yo‘q qilinishini aytib, tahdid qilgandi


Maqola muallifi

Teglar

Bayraktar Haluk Bayroqdor

Baholaganlar

273

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing