Erdo‘g‘anning kuyovi Turkiyaning eng boy odamlari ro‘yxatiga kirdi
Olam
−
17 fevral 9498 2 daqiqa
Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘anning kuyovi, Baykar Teknoloji kompaniyasining egasi Selchuk Bayroqdor “Forbes”ning Turkiyaning eng boy odamlari bo‘yicha dastlabki 20 odamdan biriga aylandi. Bu haqda “Türkiye Gazetesi” xabar berdi.
Baykar aksiyalarining 52,5 foiziga egalik qiluvchi Selchuk Bayroqdor ro‘yxatda 15-o‘rinni egallagan. U 1,2 milliard dollarlik boyligini 1,8 milliard dollarga oshirishga muvaffaq bo‘lgan. Uning akasi, kompaniya aksiyalarining 47,5 foiziga egalik qilayotgan Haluk Bayroqdor esa 19-o‘rinda qayd etilgan. Haluk boyligini 1,1 milliard dollardan 1,6 milliard dollarga olib chiqqan.
So‘nggi yillarda mudofaa sanoatida strategik investitsiyalar va ishlab chiqarish ortishi Baykar Teknoloji'ning qiymatini qat’iy ravishda oshirishga sabab bo‘ldi. TB2 va AKINCI kabi mahsulotlar bilan butun dunyo bo‘ylab ta’sir o‘tkazgan kompaniya global bozor ulushini kengaytirishda davom etmoqda.
Kompaniyaning mudofaa sanoatida 100 foiz mahalliy va milliy ishlab chiqarishi milliy va xalqaro miqyosda e’tiborni tortdi. Bu esa aka-ukalar boyligining oshishiga katta hissa qo‘shdi.
Ma’lumot uchun, Selchuk Bayroqdor kompaniyaning direktorlar kengashini boshqaradi va texnik direktordir. 2016 yilda u Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘anning qizi Sumaya Erdo‘g‘anga uylangan. Akasi Haluk esa Bosh direktor lavozimini egallagan. “Forbes”ning butun dunyo bo‘yicha ro‘yxatida 2024 yilda 2410-o‘rinni egallagan Selchuk Bayroqdor joriy yilda 1875-o‘rinni qayd etgan. Haluk Bayroqdor esa 2037-o‘rinda. U o‘tgan yili 2545-pog‘onada edi.
Kompaniya 1984 yilda otasi O‘zdemir Bayroqdor tomonidan asos solingan va ko‘p yillar davomida faqat Turkiya avtomobil sanoati uchun ehtiyot qismlar ishlab chiqargan. 2000 yillarda u dronlarni ishlab chiqarishni boshladi.
Baykar’ning xorijda talab katta bo‘lgan eng mashhur mahsuloti Bayraktar dronidir. 2023 yilda Baykar Yevropa, Afrika va Yaqin Sharqdagi qator hamkorlar bilan tuzilgan shartnomalar tufayli eng yirik mudofaa yetkazib beruvchiga aylandi.
Eslatib o‘tamiz, 2024 yilda Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘anning kuyovi, Baykar Teknoloji kompaniyasining 44 yoshli egasi Selchuk Bayroqdor “Forbes” ro‘yxatiga kiritilgandi.
Live
BarchasiNamanganda yana zilzila bo‘ldi
06 dekabr