Vakolati kengayayotgan Milliy gvardiya, yaqinlashayotgan chang bo‘roni, tanqidga uchragan Kusherboyev... Bugun nimalar bo‘ldi?

Jamiyat

image
Bugun, 30 noyabr O‘zbekiston va jahonda sodir bo‘lgan muhim voqeliklar bilan yakun topmoqda. Xususan, O‘zbekistonda yana chang bo‘roni ko‘tarilishining ma’lum qilingani, Britaniyaning qirolichasi ketib, monarhiyadan Respublikaga aylanishi. Sportga keladigan bo‘lsak, Messining  faoliyatidagi yettinchi “Oltin to‘p”ni qo‘lga kiritgani. Bugunning muhim voqealari bilan qisqa satrlarda tanishing.

Jamiyat 

Milliy gvardiyaga qo‘shimcha vakolat beriladi

Endilikda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar markazlari va Toshkent shahrida ommaviy tadbirlarni o‘tkazishda hamda istirohat bog‘lari, xiyobonlar va bozorlarda jamoat tartibini saqlashni tashkil etish bevosita Milliy gvardiya bo‘linmalari tomonidan amalga oshiriladi. Bu haqda O‘zbekiston Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi jamoat xavfsizligi konsepsiyasini tasdiqlash va uni amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonida belgilandi.

Hujjatga muvofiq 2022-2023 yillarda tuman ichki ishlar organlari tarkibidagi konvoy bo‘linmalari bosqichma-bosqich viloyat ichki ishlar organlarining bevosita bo‘ysunuviga o‘tkazilib, yagona boshqaruv tizimi asosida tumanlararo xizmat o‘tash tamoyiliga muvofiq qayta tashkil etiladi.

Qamchiqdagi “baliq yomg‘iri”ga izoh berildi

Bugun, 30 noyabr kuni ijtimoiy tarmoqlarda Qamchiq dovonida “baliq yomg‘iri” bo‘libdi, degan xabarlar tarqaldi. “Qamchiqavtoyo‘l” IYFUK dovondagi holatga munosabat bildirdi.

Ma’lum bo‘lishicha, mazkur hodisa joriy yilning 26 noyabr kuni soat 16:30 lar atrofida A-373 “Toshkent-O‘sh” avtomobil yo‘lining 227 km. qismida sodir bo‘lgan.

Dovon yo‘lida harakatlanib ketayotgan xorijiy korxonaga tegishli 40 N 000071 davlat raqamli yengil avtomashina yukxonasiga joylashtirilgan yelim idishda boqish uchun yetishtirilgan baliq chavoqlari olib ketayotgan vaqtda harakat xavfsizligini ta’minlay olmasdan oldida ketayotgan yuk avtomashinasiga borib urilgan. Oqibatda yengil avtomashinaga joylashtirilgan yelim idish yorilib, ichidagi baliqlar yo‘lga sochilib ketgan.

Bolalarni hojatxonaga yashirgan bog‘cha rahbariga jinoyat ishi ochildi

Ijtimoiy tarmoqlarda Qarshi shahridagi 32-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkilotida rahbarlar tekshiruv kelgani uchun bolalarni hojatxonaga yashirib qo‘ygani haqida xabarlar tarqalgandi. Mazkur holat yuzasidan Qashqadaryo viloyati Maktabgacha ta’lim boshqarmasi rasmiy ma’lumot berdi.

Unga ko‘ra, bolalar hojatxonaga yashirib qo‘yilgani va boshqa kamchiliklarni o‘rganish yuzasidan Bosh prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti Qarshi shahar bo‘limi tomonidan joriy yilning 29 noyabr’ sanasi bilan 1.18-799-21-sonli xat kelgan.

Adliya vazirligi Kusherboyev “qora bozor”dan dollar ayirboshlaganini qoraladi

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherboyev Yangiyo‘l shahrida bir soat davomida valyuta ayirboshlash shoxobchasini izlagani, biroq ularning barchasi yopiqligi sabab 50 AQSH dollarini “qora bozorda” almashtirishga majbur bo‘lgani haqida ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida yozib qoldirgandi. Bu harakati bilan u O‘zbekiston Respublikasi qonun va tartiblarini buzganligini hamda o‘z harakati uchun javobgar bo‘lishga tayyor ekanligini namoyishkorona ma’lum qilgan.

Adliya vazirligi Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherboyevning bu harakatini qoraladi.

Tezkor! O‘zbekistonda yana chang bo‘roni ko‘tarilishi mumkin

Joriy yilning 1-2 dekabrda O‘zbekiston hududiga Turkmaniston orqali Eron hududlaridan juda iliq va quruq havo kirib kelishi kutilmoqda. Bu haqda Gidrometeorologiya xizmati markazi xabar berdi.

1-2 dekabr kunlari havo haroratining keskin ko‘tarilishi fonida respublika bo‘yicha shamol 17-22 m/s gacha kuchayishi kutilmoqda, ba’zi joylarda 25-28 m/s gacha kuchayishi mumkin, ayrim viloyat va tumanlarda changli bo‘ron hamda chang g‘uborlari ko‘tarilish kuzatilishi mumkin.

Olam

Istanbuldagi bo‘ronda necha kishi halok bo‘lgani ma’lum qilindi 

Turkiyaning Istanbul shahrida bo‘ron oqibatida jabrlanganlar soni 38 nafarga yetdi. 

Shahar rasmiylari kuchli shamol tufayli vayron bo‘lgan tomlar qoldiqlari ostida to‘rt kishi halok bo‘lgani va 19 kishi jarohat olgani haqida xabar bergan. 

“Tabiiy ofat natijasida 38 kishi tan jarohati oldi, yana 4 kishi halok bo‘ldi”, deyiladi Kojaning bayonotida. 

Yelizaveta II rahbarligidan voz kechgan davlat Respublika bo‘ldi

Karib dengizidagi Barbados orol-davlati bugun, 30 noyabr kuni rasman Respublikaga aylandi. Oktyabr oyida saylangan mamlakat Prezidenti Sandra Meyson ham o‘z lavozimiga kirishdi, Buyuk Britaniya qirolichasi Yelizaveta II endi Karib dengizi davlatining rahbari emas.  

Ta’kidlanishicha, Britaniya taxti vorisi, Uels shahzodasi Charlz marosim mehmoni bo‘ldi. Barbados poytaxti Brijtaundagi Milliy qahramonlar maydonida qirolichaning shtandarti tushirildi. 

“Men Barbadosga sodiq bo‘lishga qasamyod qilaman, qonunga muvofiq Barbadosga Prezident sifatida halol xizmat qilaman”, degan Meyson o‘zining inauguratsion nutqida. 

COVID soyasida qolgan OITS: BMT dunyo uchun xavotirli ogohlantirish bilan chiqdi

Birlashgan Millatlar Tashkilotining OIV/OITS bo‘yicha qo‘shma dasturi (UNAIDS) yaqin 10 yil ichida OITS taxminan 7,7 million odamning yostig‘ini quritishi haqida xavotirli ogohlantirishni e’lon qildi. Agar davlatlar tengsizlik muammosini hal qilmasa, bu sodir bo‘ladi. Bundan tashqari, yaqin kelajakda COVID-19 dunyodagi vaziyatga ta’sir qilishda davom etadi va insoniyat esa hali ham kelajakdagi pandemiyalarga tayyor emasligini ko‘rsatmoqda.

UNAIDS Ijrochi direktori Vinni Byanima shuni ta’kidlashicha, bu shoshilinch harakatga chaqiriq bo‘lishi kerak. OITS pandemiyasiga qarshi kurashda oldinga siljish bor, lekin davom etayotgan COVID-19 pandemiyasi OIV profilaktikasi va davolash xizmatlarini, maktabda ta’limni, zo‘ravonlikning oldini olish dasturlari va boshqalarni to‘xtatib qo‘ymoqda.

“Omikron”. Qozog‘iston qator davlatlar fuqarolari uchun “eshik”larini yopadi

Qozog‘iston hukumati mamlakatda koronavirusning “omikron” shtammi paydo bo‘lishining oldini olish maqsadida bir qator davlatlardan xorijliklarning kirishini cheklashga qaror qildi. Bu haqda hukumat yig‘ilishida Respublika Sog‘liqni saqlash vazirining birinchi o‘rinbosari Marat Shoranov ma’lum qildi.  

“Omikron” shtammining paydo bo‘lganligini hisobga olib, idoralararo komissiya 3 dekabrdan cheklov choralarini joriy etish to‘g‘risida qaror qabul qildi”, degan u.

Sport

Messi faoliyatidagi yettinchi “Oltin to‘p”ni qo‘lga kiritdi

PSJ va Argentina terma jamoasi hujumchisi Lionel Messi 2021 yilda “Oltin to‘p”ni qo‘lga kiritdi. Shu tariqa uning karerasi davomida qo‘lga kiritgan “Oltin to‘p”lari yettiga yetdi.

“Oltin to‘p” uchun ovoz berish natijasiga ko‘ra, Lionel Messi 613 ball to‘pladi. 2-o‘rinni 580 ball to‘plagan “Bavariya” forvardi Robert Levandovski egallagan. Oradagi farq – 33 ball.

Betakror iste’dodga berilgan adolatli baho – “futbol qiroli” Messini tabrikladi

Avvalroq, argentinalik futbolsi Lionel Messi yettinchi bor “Oltin to‘p”ni qo‘lga kiritgani haqida xabar bergan edik.

Afsonaviy braziliyalik futbolchi Pele o‘zining Instagram sahifasida Lionel Messini navbatdagi bor ushbu mukofotni qo‘lga kiritgani bilan tabrikladi.

“Lionel Messini navbatdagi “Oltin to‘p” bilan tabriklayman. Albatta, bu uning betakror iste’dodiga berilgan adolatli bahodir. Yettinchi marta, katta rahmat”, deya yozib qoldirgan Pele.

“Yuventus” quyi ligaga tushirib yuborilishi mumkin

Italiya iste’molchilar huquqlarini himoya qilish assotsiatsiyasi (CODACONS) rahbari Marko Donzelli so‘zlariga ko‘ra, “Yuventus” tergov jarayonlarida yolg‘on ma’lumotlar bergani uchun “B” seriyaga tushib ketishi va Skudettodan mahrum qilinishi mumkin.

“Ayblov juda jiddiy va so‘nggi yillarda “Yuventus” chempionatda ketma-ket g‘olib bo‘lgani ham buni tasdiqlaydi. Agar “Keksa sinora” noqonuniy yo‘llar bilan raqiblari ustidan g‘alaba qozongan bo‘lsa, federatsiya va bozor raqobati boshqarmasi ishga aralashib, aybdorlarga nisbatan sanksiyalar qo‘llashi kerak edi”, deydi Donzelli.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

104

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing