Italiya Ukrainadagi urushni tugatish uchun 4 bosqichli reja tayyorladi
Olam
−
19 may 2022
10862Italiya hukumati Ukrainadagi urushni tugatish rejasini tayyorladi. 18 may kuni Italiya Tashqi ishlar vaziri Luiji Di Mayo hujjatni BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrishga topshirgan hamda 19 may kuni uning matni “La Repubblica” nashrida chop etilgan, deb xabar bermoqda “Meduza”.
Rejada BMT, vositachi davlatlar (qaysi davlatlar ekanligi hozircha aniqlanmagan), tinchlikparvar kuchlar va kuzatuvchilar missiyalari mojaroni hal qilish uchun jalb etilishi nazarda tutilgan.
Loyihada Italiya urushni to‘rt bosqichda tinch yo‘l bilan hal qilishni taklif qilmoqda:
Birinchi bosqich – o‘t ochishni to‘xtatish va qo‘shinlarni front chizig‘idan olib chiqish.
Ikkinchi bosqich – Ukrainaning Yevropa Ittifoqiga qo‘shilishi (bir qator qo‘shimcha shartlar va majburiyatlar bilan), NATOga qo‘shilmaslik kafolati.
Uchinchi bosqich – Ukraina va Rossiya o‘rtasida Qrim va Donbass bo‘yicha ikki tomonlama kelishuv. Italiya rejasida “bahsli hududlar” to‘liq avtonomiyaga ega bo‘lishi, lekin ularda Ukraina suvereniteti saqlanib qolishi belgilangan.
To‘rtinchi bosqich – Yevropada tinchlik va xavfsizlik bo‘yicha ko‘p tomonlama shartnoma tuzish.
Kreml Italiya rejasiga munosabat bildirishga ham ulgurdi.
“Afsuski, biz bu rejaning tafsilotlarini bilmaymiz, bu qandaydir tarzda diplomatik kanallar orqali keltirilgani menga noma’lum. Biz buni OAVdan bilib oldik”, deya javob bergan Rossiya Federatsiyasi Prezidentining Matbuot kotibi Dmitriy Peskov Italiya rejasini sharhlash so‘ralganda.
Shu bilan birga, Peskov “kelishuvga hissa qo‘shishi mumkin bo‘lgan har bir kishi ishtirok etishi mumkinligi, hech kim bunday samimiy sa’y-harakatlarni rad etmasligini” qo‘shimcha qilgan.
Rossiya-Ukraina urushi
Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.
Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.
24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.
Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.
25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.
Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.
Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.
Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.
Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.
Kamronbey Kenjayev
LiveBarchasi