Istanbul “qulashi” mumkin
Olam
−
08 avgust 2023
15073Turkiyalik seysmologlar Marmar dengizi mintaqasida, xususan 16 millionga yaqin aholi istiqomat qiladigan Istanbul shahrida 7,2-7,6 balli zilzilalar bo‘lishini bashorat qildi.
Bu haqda Istanbul shahar meriyasining zilzilalar bo‘yicha olimlar Kengashi a’zosi Haluk Eyido‘g‘anga tayanib, RIA Novosti xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, agar Marmara dengizida tektonik harakatlar faollashsa, kuchli zilzila sodir bo‘ladi. 2030 yilgacha bunday zilzila sodir bo‘lish ehtimoli taxminan 50 foizni tashkil etadi. Ammo zilzilaning aynan qaysi kuni va soat nechada sodir bo‘lishi hozircha noma’lum.
“Bu xulosa mintaqadagi 2000 yillik zilzilalar tarixini o‘rganish, geofizik va seysmik tadqiqotlar natijalarini tahlil qilish asosida qilingan”, deydi Haluk Eyido‘g‘an.
Mutaxassisga ko‘ra, bunday tahdidlarni keng ommaga e’lon qilishdan maqsad ularni tahlikaga solish emas, balki odamlar bunday falokatga tayyor turishi va rasmiylar kelajakda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan zararni kamaytirish uchun oldindan zarur choralarni ko‘rish kerakligini eslatish hisoblanadi.
“Marmara dengizi mintaqasida yuz berishi mumkin bo‘lgan zilzila bir vaqtning o‘zida 25 milliondan ortiq aholiga ega 7 ta viloyatga ta’sir qiladi. Qanchalik katta zarar yetkazilishini tasavvur qilish qiyin”, deydi mutaxassis.
Ushbu bashoratdan so‘ng Turkiya hukumati mamlakatning eng katta shahri Istanbulni bashorat qilingan zilzilaga tayyorlashni boshlab yubordi. Bu haqda Turkiya Ekologiya va shaharsozlik vaziri Mehmet O‘jaseki matbuot anjumanida ma’lum qildi.
“Biz janob [Istanbul hokimi] Ekrem [Imomo‘g‘li] va Istanbul tumanlarining rahbarlari bilan shaharda yuz berishi mumkin bo‘lgan zilzila masalasida uchrashib, prinsipial kelishuvga erishdik. Kelasi haftadan [ofatga tayyorgarlik ko‘rish uchun] ishni boshlaymiz”, deydi Mehmet O‘jaseki.
Vazirning so‘zlariga ko‘ra, Istanbul seysmik faollik bo‘yicha dunyoning eng xavfli o‘nta shahridan biri sanaladi.
“Zilzila xavfi siyosatdan tashqari mavzu. Biz bir soniyani ham boy bermaymiz. Istanbulda 5 million 800 mingta bino bor. Ulardan 1,5 millioni xavf zonasida, 600 mingtasi yuqori xavf hududida”, deydi u.
Seysmologlar avvalroq Onadolu va Yevroosiyo tektonik plitalari tutashgan zonada joylashgan Istanbul mintaqasida kuchli zilzila sodir bo‘lishi mumkinligi haqida bir necha bor ogohlantirgan edi. Ularning fikricha, bunday silkinishlar ortidan shahardagi 90 mingga yaqin bino darhol qulashi, 260 mingdan ortig‘iga zarar yetib, yashash uchun yaroqsiz holga kelishi va buning oqibatida 4,5 million aholi boshpanasiz qolishi mumkin.
Eng qizig‘i, Turkiyaning Istanbul shahri va Marmar dengizi mintaqasida halokatli zilzila bo‘lishini bashorat qilgan, bu haqida bir necha bor rasmiylarni ogohlantirgan mashhur turk geologi va zilzilashunosi Jalol Shenger esa Istanbul shahrini tark etishni rejalashtiryapti.
“Men zilziladan keyin Istanbul bilan nima bo‘lishini bilaman. 14-15 mingta bino akkordeondek (musiqa asbobi) qimirlaydi, yana 50-60 ming bino qisman vayron bo‘ladi. Ko‘chaga yugurishga vaqtingiz bo‘lmaydi”, deb yozadi olim.
Jalol Shenger Istanbuldagi kuchli silkinish oqibatida 100 mingga yaqin odam qurbon bo‘lishi mumkinligini bashorat qilgan hamda Istanbul aholisini shahar markazini tark etishga chaqirgan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 6 fevral kuni Turkiya janubi-sharqida 7,7 va 7,6 magnitudali kuchli zilzilalar sodir bo‘lgan edi. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, ro‘y bergan zilzila qurbonlar soni 50 mingdan oshgan. Shuningdek, mamlakatning Atrof-muhit, urbanizatsiya va iqlim o‘zgarishi vazirligi 763 000 ta binoga zarar yetgani, kamida 41 791 bino jiddiy shikastlangan yoki vayron bo‘lgani haqida ma’lumot bergan.
LiveBarchasi