Turkiya hukumati Istanbulni halokatli zilzilaga tayyorlamoqda

Olam

image

Avvalroq seysmologlar Turkiyaning Istanbul shahri va Marmar dengizi mintaqasida 7,2-7,6 balli zilzila sodir bo‘lishini bashorat qilgani haqida xabar bergandik. Turkiya hukumati mamlakatning eng katta shahri Istanbulni bashorat qilingan zilzilaga tayyorlash niyatida. Bu haqda Turkiya Ekologiya va shaharsozlik vaziri Mehmet O‘jaseki matbuot anjumanida ma’lum qildi.

“Biz janob [Istanbul hokimi] Ekrem [Imomo‘g‘li] va Istanbul tumanlarining rahbarlari bilan shaharda yuz berishi mumkin bo‘lgan zilzila masalasida uchrashib, prinsipial kelishuvga erishdik. Kelasi haftadan [ofatga tayyorgarlik ko‘rish uchun] ishni boshlaymiz”, deydi Mehmet O‘jaseki.

Vazirning so‘zlariga ko‘ra, Istanbul seysmik faollik bo‘yicha dunyoning eng xavfli o‘nta shahridan biri sanaladi.

“Zilzila xavfi siyosatdan tashqari mavzu. Biz bir soniyani ham boy bermaymiz. Istanbulda 5 million 800 mingta bino bor. Ulardan 1,5 millioni xavf zonasida, 600 mingtasi yuqori xavf hududida”, deydi u.

Ma’lumot uchun, joriy yilning 12 iyul kuni turkiyalik seysmolog Naji Go‘yurur Marmar dengizi mintaqasida, xususan 16 millionga yaqin aholi istiqomat qiladigan Istanbul shahrida 7,2-7,6 balli silkinishlar bo‘lishini bashorat qilgandi.

Seysmologlar avvalroq Onadolu va Yevroosiyo tektonik plitalari tutashgan zonada joylashgan Istanbul mintaqasida kuchli zilzila sodir bo‘lishi mumkinligi haqida bir necha bor ogohlantirgan edi. Ularning fikricha, bunday silkinishlar ortidan shahardagi 90 mingga yaqin bino darhol qulashi, 260 mingdan ortg‘iga zarar yetib, yashash uchun yaroqsiz holga kelishi va buning oqibatida 4,5 million aholi boshpanasiz qolishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 6 fevral kuni Turkiya janubi-sharqida 7,7 va 7,6 magnitudali kuchli zilzilalar sodir bo‘lgan edi. So‘ngi ma’lumotlarga ko‘ra, ro‘y bergan zilzila qurbonlar soni 50 mingdan oshgan. Shuningdek, mamlakatning Atrof-muhit, urbanizatsiya va iqlim o‘zgarishi vazirligi 763 000 ta binoga zarar yetgani, kamida 41 791 bino jiddiy shikastlangan yoki vayron bo‘lgani haqida ma’lumot bergan.


Maqola muallifi

Teglar

Turkiya zilzila

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

online_predictionLive

Barchasicall_made