Istanbul g‘arbida portlash yuz berdi

Olam

image

Joriy yilning 12 yanvar kuni Turkiyaning Istanbul shahri g‘arbidagi to‘qimachilik sexida portlash yuz berdi, jarohatlanganlar bor. Bu haqda DHA agentligi xabar berdi.

Portlash shaharning Bog‘chilar tumanidagi biznes markazida joylashgan to‘qimachilik sexida sodir bo‘lgan. 

Ma’lum bo‘lishicha, portlash sexdagi sanoat dazmollash qozonxonasida sodir bo‘lgan va ishchilar portlash vaqtida tanaffusda bo‘lgan. Biznes markazi oynalari va g‘ishtlari ko‘chaga sochilib ketgan va transport vositalariga shikast yetgan. 

Xavfsizlik kamerasida qayd etilgan tasvirlarda bino yonidagi odamlar portlash vaqtida yiqilib tushgani, shisha va g‘isht bo‘laklari ostida qolib ketgani ko‘rinib turibdi.

Ogohlantirish signali berilgach, voqea joyiga politsiya, o‘t o‘chiruvchilar va tibbiy guruh jo‘natilgan.

Eslatib o‘tamiz, 2022 yilning 16 dekabr kuni portlash Turkiyaning janubi-sharqida, Diyorbakir shahrida sodir bo‘lgani xabar qilingan edi. Qayd etilishicha, yonidan politsiya xodimlari bo‘lgan avtobus o‘tib ketayotganda to‘xtab turgan mashina portlagan. Portlash oqibatida sakkiz nafar politsiya xodimi va bir fuqaro jarohatlangan. Jabrlanganlar kasalxonaga yotqizilgan.

Avvalroq, 2022 yilning 13 noyabr kuni Istanbulda piyodalar uchun mo‘ljallangan Istiqlol ko‘chasida kuchli portlash sodir bo‘lgan edi. Fojia oqibatida olti kishi halok bo‘ldi, yana 81 kishi jarohat oldi.

Hujum uyushtirishga aloqadorlikda gumon qilinib, 50 kishi, jumladan, Suriya fuqarosi Ahlam Albashir hibsga olingan. Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, u bombani ko‘chada qoldirgan.


Maqola muallifi

Teglar

Turkiya portlash

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing