Turkiyada o‘layotgan o‘zbeklar
Intervyu
−
31 yanvar
10709Ma’lumki, Turkiyada so‘nggi vaqtlarda qalbaki, qo‘lbola spirtli ichimliklarni iste’mol qilish oqibatida qator o‘lim holatlari kuzatilmoqda va qurbonlar orasida o‘zbekistonliklar ham bor. Hozirgacha vafot etgan 50 ga yaqin shaxsning 23 nafari o‘zbekistonlik ekani aniqlandi. Ular Turkiyaning Istanbul shahrida, asosan, mehnat faoliyati bilan shug‘ullanayotgan vatandoshlar. QALAMPIR.UZ shu kunlarda Turkiyaning Istanbul shahridagi O‘zbekiston Bosh konsulligida bo‘lib, vafot etganlarni mamlakatga yuborish bilan bog‘liq ishlar qanday tashkil etilayotgani bilan qiziqdi.
Yuqoridagi videopleyerda yoki QALAMPIR.UZ’ning YouTube’dagi sahifasida O‘zbekistonning Istanbul shahridagi Bosh konsuli Sherzod Abdunazarov bilan intervyuni tomosha qilishingiz mumkin.
Qamariddin Shayxov, jurnalist: — Shu kunlarda o‘zbekistonliklarning kun tartibidagi masala – Turkiyada O‘zbekiston fuqarolarining sifatsiz alkogol mahsulotlaridan vafot etishi bilan bog‘liq holat. Bu borada so‘nggi vaziyat qanday?
Sherzod Abdunazarov, O‘zbekistonning Istanbuldagi Bosh konsuli: — 2025 yil boshida Turkiyada vaqtinchalik mehnat faoliyati bilan shug‘ullanayotgan vatandoshlarimiz orasida shunday holat yuz berdi. Iste’mol uchun yaroqsiz bo‘lgan texnik spirtni suvga qo‘shib iste’mol qilish oqibatida Istanbul shahrining bir necha tumanlarida, fuqarolarimiz ko‘proq yashaydigan joylarda o‘lim holatlari kuzatildi. 23 kishi vafot etdi. Hozirgi paytda besh nafar vatandoshimiz shifoxonada davolanmoqda. Biz ular va shifokorlar bilan aloqada bo‘lib turibmiz. Besh nafardan ikki nafarining ahvoli yaxshilandi, qolganlari hali ham og‘ir ahvolda.
Vafot etganlarning jasadlarini O‘zbekistonga jo‘natish bilan bog‘liq ishlar qanday tashkil etilayotganiga to‘xtalsak, hozir bir nafar marhumning jasadi O‘zbekistonga jo‘natishga tayyorlanyapti, qolganlarning jasadlari O‘zbekistonga olib ketildi.
Q.Sh.: — O‘zbekistonliklarning jasadlarini mamlakatga qaytarish bilan bog‘liq mablag‘larni kim to‘laydi? Turkiya hukumati bu borada alohida komissiya tuzib, kompensatsiya pullarini undirish bilan shug‘ullanyaptimi?
Sh.A.: — Mablag‘ Turkiya tomonidan qoplanmaydi, agar jasad Turkiyaga dafn qilinadigan bo‘lsa, Turkiya davlati xarajatlarni qoplab berishi mumkin. Lekin O‘zbekistonga jo‘natilayotgan vafot etgan fuqarolarimizning jasadlariga Turkiya tomonidan hech qanday moddiy yordam ajratilmayapti. Bunga faqatgina marhumlarning yaqinlari va O‘zbekistondan Migratsiya agentligi yordam beradi.
Q.Sh.: — Hozirgi kunda jasadlarni O‘zbekistonga jo‘natish narxi qanchani tashkil etmoqda?
Sh.A.: — O‘rtacha 1200-1500 AQSH dollari.
Q.Sh.: — Sifatsiz alkogol mahsulotlarini iste’mol qilish oqibatida vafot etganlar Turkiyada yashash va ishlash bo‘yicha rasmiy hujjatga ega bo‘lganmi?
Sh.A.: — Aksariyat shaxslar ishlash uchun ruxsatnomaga ega emas edi. Vafot etgan fuqarolarimiz orasida ishlash ruxsatisiz ishlaganlar, ya’ni noqonuniy ishlaganlar bor edi. Bir fuqaromizning mehnat faoliyati bilan shug‘ullanish uchun ruxsatnomasi bo‘lgan. Uning jasadini O‘zbekistonga yuborish uchun esa Migratsiya agentligi yordam ko‘rsatdi.
Q.Sh.: — Bilamizki, Istanbulda o‘zbekistonliklarning asosiy yashash joylari Fotih tumani, Oqsaroy, Lalili mahallalari. Vafot etganlar, asosan, shu hududlardanmi?
Sh.A.: — Siz aytgan hududlarda vatandoshlarimiz mehnat faoliyatini olib boradi: savdo-sotiq bilan shug‘ullanishadi, oshxonalar ochishadi va boshqa xizmat turlarini ko‘rsatishadi. Yashash joylari jihatdan Fotih tumanidan tashqari, Bashakshehir va Esenyurt tumanlari ham bor. Shuning uchun ham vafot etgan fuqarolar Istanbulning Yevropa qismida – asosan Fotih, Bashakshehir va Esenyurt tumanlarida yashagan. Osiyo tomonida esa Umraniyada shunday holat kuzatildi. Shu tumanlarda ishlagan fuqarolarimiz vafot etgan. Lekin surishtirilganda, Umraniyada vafot etgan fuqaro ham qo‘lbola usulda tayyorlangan spirtli ichimlikni Fotih tumani hududidan olgani ma’lum bo‘ldi.
Q.Sh.: — Fotih tumanini Beylikduzi bilan bog‘lovchi yo‘lning oralig‘i o‘rtacha 20 kilometrni tashkil etadi. Men bejiz manzillar borasida savol berayotganim yo‘q. Demak, faqat o‘zbekistonliklar yoki Markaziy Osiyodan kelgan fuqarolar istiqomat qiladigan hududlarda emas, balki mahalliy turk fuqarolari istiqomat qiladigan hududlarda ham sifatsiz alkogol mahsulotlari allaqachon tarqab ulgurgan. Shundaymi?
Sh.A.: — Albatta! Hozirda Istanbul hokimiyati qoshida ishchi guruh tuzilgan va oltmishdan ortiq sifatsiz spirtli ichimlik sotilayotgan joylar aniqlanib, ularning litsenziyasi bekor qilingan va yopilgan. Ishlab chiqaruvchilar, sotuvchilar ushlangan. Hozirda 10 ga yaqin gumondor qo‘lga olindi, ularning to‘rt nafariga jinoiy ish qo‘zg‘atildi, qolganlar bo‘yicha tergov ishlari ketmoqda.
Holat qayd etilgan kundan boshlab Istanbul hokimligi tomonidan qo‘shimcha chora-tadbirlar belgilandi, ya’ni har bir spirtli ichimlik sotiladigan do‘konlarda 24 soat davomida uzluksiz qayd etib boruvchi videokuzatuv moslamasi o‘rnatish majburiyati qo‘yildi. Bundan tashqari, sertifikat berish qoidalari murakkablashtirildi va videoqaydlarni 30 kungacha o‘chirib yubormaslik majburiyatlari belgilandi. Turkiyada ommaviy axborot vositalari orqali profilaktika ishlari ham davom etmoqda. Jinoyat ishi yuritilyapti, tergov ishlari olib borilmoqda.
Sifatsiz alkogol mahsulotlarini ishlab chiqaruvchilar orasida bizning fuqarolarimiz yo‘q, lekin O‘zbekistonga qo‘shni davlatlardan bo‘lgan fuqarolar bor. Ularning ismini va qaysi mamlakatdan ekanini oshkor qilolmaymiz, hozirda tergov davom etmoqda.
LiveBarchasi
Trenddagilar



