Isroilning Eronga hujumiga AQSHning aloqasi yo‘q – Rubio
Olam
−
13 iyun 4166 2 daqiqa
AQSH Davlat kotibi Marko Rubio Isroilning bugun, 13 iyun kuni kechqurun Eronga bergan zarbalarini “bir tomonlama harakat” deb atadi va Vashingtonning bunga aloqasi yo‘qligini aytdi. Uning tegishli bayonoti X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida e’lon qilindi.
Rubio, shuningdek, Eronni mintaqadagi AQSH kuchlariga hujum qilmaslikka chaqirdi.
“Isroil bugun kechqurun Eronga qarshi bir tomonlama chora ko‘rdi. Biz Eronga qarshi hujumlarda ishtirok etmaymiz va bizning ustuvor vazifamiz mintaqadagi Amerika kuchlarini himoya qilishdir”, deb yozdi Rubio.
AQSH Davlat kotibining so‘zlariga ko‘ra, Isroil Vashingtonga o‘z harakatlari “o‘zini himoya qilish uchun zarur” ekanini aytgan.
Isroil harbiy-havo kuchlari 13 iyunga o‘tar kechasi Eronga qarshi keng ko‘lamli operatsiya boshladi, bu operatsiya Tehronning yadroviy dasturiga qaratilgan.
SAXALga ko‘ra, Eron bir necha kun ichida 15 ta yadroviy bomba yaratish uchun yetarli darajada boyitilgan uranni qo‘lga kiritdi, shuning uchun Isroil ushbu “muvofiq tahdid”ga qarshi chora ko‘rishi kerak. Hujumlar Eronning o‘nlab harbiy va yadroviy ob’ektlarini nishonga olgan.
“Biz Eronning yadroviy boyitish dasturining markaziga zarba berdik. Biz Eronning ballistik raketa dasturining markaziga ham zarba berdik”, dedi Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu.
Shu bilan birga, Isroilda favqulodda holat e’lon qilindi.
“Yaqin kelajakda Isroil davlati va uning tinch aholisiga raketa hujumi va dron hujumi kutilmoqda”, dedi Isroil Mudofaa vaziri Isroil Kats.
Isroilga raketa otilishi mumkinligi munosabati bilan O‘zbekistonning Isroildagi elchixonasi ushbu mamlakatdagi o‘zbekistonliklarga tezkor ehtiyot choralarini ko‘rishni qat’iy tavsiya qilmoqda. Eron Islom Respublikasida istiqomat qilayotgan O‘zbekiston fuqarolaridan ham xavfsizlik choralariga qat’iy rioya qilish so‘ralmoqda.
Shuningdek, Eron havo hududining yopilishi munosabati bilan bir nechta reyslar Toshkentdagi muqobil aerodromga yo‘naltirildi.
Live
Barchasi