Isroil Mudofaa vaziri G‘azo to‘liq blokadaga olinganini e’lon qildi

Olam

image

Bugun, 9 oktyabr kuni Isroil Mudofaa vaziri Yoav Galant Isroil harbiylari G‘azo sektorini keng ko‘lamli blokadaga kirishayotganini ma’lum qildi. Bu haqda “Times of Israel” xabar berdi.

“Men G‘azo sektorini to‘liq blokada qilish haqida buyruq berdim. Elektr, oziq-ovqat, yoqilg‘i bo‘lmaydi, hamma narsa yopiladi”, degan vazir Beer-Shevadagi janubiy harbiy okrugi qarorgohida.

Ma’lumot uchun, joriy yilning 7 oktyabr kuni Isroil Energetika vaziri Israel Kats G‘azo sektoriga elektr energiyasi yetkazib berishni cheklash haqidagi farmonni imzolagan. Bosh vazir Binyamin Netanyaxu esa Isroil armiyasi HAMASning imkoniyatlarini yo‘q qilish uchun bor kuchini ishga solishini aytgan. 

“Bu yovuzlik shahrida HAMAS joylashgan barcha joylar, HAMAS yashiringan va faoliyat yuritadigan barcha joylarni biz xarobaga aylantiramiz”, degan Netanyaxu.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 7 oktyabr kuni ertalab G‘azo sektoridan Isroil hududiga raketa hujumi boshlangandi. Keyinchalik HAMAS harakati Isroilga qarshi “Al-Aqso to‘foni” harbiy operatsiyasi boshlaganini e’lon qildi. Isroil Mudofaa kuchlari esa bunga javoban “Temir qilichlar” “aksilterror operatsiyasi”ni boshladi.

Shundan so‘ng, Bosh vazir Binyamin Netanyaxu isroilliklarga murojaat bilan chiqib, mamlakatda sodir bo‘layotgan voqealar harbiy operatsiya emas, balki to‘laqonli urush ekanini aytdi.  G‘azodagi Sog‘liqni saqlash vazirligining ma’lum qilishicha, Isroil hujumlarida 490 dan ortiq odam halok bo‘lgan, 2750 dan ortiq kishi jarohatlangan. Bundan tashqari, 7 oktyabrdan beri bosib olingan G‘arbiy Sohilda Isroilning o‘qqa tutilishi oqibatida 15 nafar falastinlik halok bo‘ldi. Shuningdek, Isroil matbuoti 800 kishi halok bo‘lgani va 2300 dan ortiq isroillik jarohat olgani haqida xabar bergan.

Bu orada Amerika Qo‘shma Shtatlari G‘azo sektori atrofidagi keskinlik fonida “Eronni jilovlash uchun” Yaqin Sharqqa qo‘shimcha 20-25 ta F-35 va F-15 qiruvchi samolyotlarini yuborishi ma’lum bo‘ldi. Germaniya esa Falastin hududlaridagi gumanitar loyihalar uchun avval tasdiqlangan mablag‘larni ajratishni to‘xtatdi.


Maqola muallifi

Teglar

Isroil G'azo sektori

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing