Isroil Livan bilan chegarani buzadigan devor qurdi – BMT
Olam
−
15 noyabr 1500 1 daqiqa
BMTning Livandagi Vaqtinchalik Kuchlari (UNIFIL) so‘nggi tekshiruviga ko‘ra, Isroil armiyasi Livan bilan chegarani belgilovchi “Blue Line”ni kesib o‘tgan devor qurgan. Bu haqda BMT vakiliga tayanib, “Reuters” nashri xabar berdi.
Blue Line — BMT tomonidan belgilangan chiziq bo‘lib, Livan va Isroil hamda Isroil tomonidan egallangan Jo‘lon tepaliklarini ajratadi.
BMT vakili Stefan Dyujarrikning aytishicha, Isroil armiyasi qurgan T shaklidagi beton devor 4 ming kvadrat metr hududga mahalliy aholi uchun kirish imkoniyatini yo‘q qiladi. Shu bilan birga, devorning yana bir qismi Yaroun shahrining janubi-sharqida qurilmoqda.
UNIFIL Isroilni tekshiruv natijalari bilan tanishtirgan va devorni olib tashlashni so‘ragan. UNIFIL bayonotida aytilishicha, Isroilning bu harakatlari BMT Xavfsizlik Kengashi 1701-sonli rezolyutsiyasiga hamda Livanning suvereniteti va hududiy yaxlitligiga zid.
Isroil armiyasi esa devor Blue Line’ni kesib o‘tganini rad etgan. Ularning aytishicha, devor 2022 yilda boshlangan kengroq reja doirasida va shimoliy chegara xavfsizligini mustahkamlash uchun qurilgan.
UNIFIL 1978 yilda tashkil etilgan bo‘lib, Litani daryosining shimolida va Blue Line janubida faoliyat yuritadi. Missiyada 50 mamlakatdan 10,000 dan ortiq harbiy va taxminan 800 fuqarolik xodimi ishlaydi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Isroil harbiy samolyotlari Livan sharqidagi Baalbek shahrida bir nechta joylarni bombardimon qilgandi.
Live
Barchasi