Isroil Iordaniya bilan chegarasida devor quradi
Olam
−
04 Sentabr 2023
4048Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu Iordaniya bilan chegarada devor qurish borasidagi rejalarini ma’lum qildi. Bu haqda u o‘zining ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida yozdi.
Netanyaxuning so‘zlariga ko‘ra, devor qurish loyihasi Isroilni sharqiy chegaralariga noqonuniy muhojirlar kirib kelishidan himoya qiladi.
“Biz Misr bilan janubiy chegarada to‘siqlar qurdik va noqonuniy muhojirlarning Isroilga kirishini to‘xtatdik. Endi biz Iordaniya bilan sharqiy chegarada to‘siqlar yaratamiz va bu hududdan ham ularning kirib kelishini cheklaymiz”, deb yozgan Bosh vazir.
Netanyaxuning aytishicha, Misr bilan chegarada devor qurilishi tufayli Afrikadan bir milliondan ortiq noqonuniy muhojirning kirib kelishi oldi olingan.
Ma’lumot uchun, Netanyaxu 2015 yil sentyabrida Iordaniya bilan chegarada 30 kilometrlik devor qurilishi boshlanishini e’lon qilgan. O‘shanda ham u mazkur devor "noqonuniy muhojirlar va terrorchi faollar to‘lqini"ning mamlakatni bosib olishiga yo‘l qo‘ymasligini aytgan. Bu e’lon o‘sha paytdagi muxolifat yetakchisi, Isroilning amaldagi Prezidenti Isxak Gersog suriyalik qochqinlarni mamlakatga kirishga chaqirganidan bir kun o‘tib chiqqan.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Isroilning Tel-Aviv shahrida Eritreyadan kelgan qochqinlar ishtirokida yuz bergan katta tartibsizlik oqibatida 150 dan ortiq kishi jarohatlangandi. Netanyaxu Tel-Avivdagi tartibsizliklarni qizil chiziqni kesib o‘tish deb atagan edi. Uning ta’kidlashicha, namoyishlarda ishtirok etganlarning barchasi zudlik bilan deportatsiya qilinishi kerak.
LiveBarchasi