Isroil G‘azoga eng yirik hujumni amalga oshirdi

Olam

image

Isroil harbiylari 14 mayga o‘tar kechasi G‘azo sektorini mojaro avj olganidan buyon eng keng ko‘lamli hujumni amalga oshirdi. Bu haqda “Times of Israel harbiylar” vakillariga asoslanib xabar bermoqda.

Harbiylarning ma’lum qilishicha, 160 yaqin samolyot bir vaqtda HAMASning G‘azo shahridagi tunnellar tizimini o‘qqa tutgan.

Mazkur havo hujumi deyarli 40 daqiqa davom etgan va G‘azoning shimoliy qismidagi 150 ta nishonga qariyb 450 ta raketa tashlangan. 

Ma’lumotlarga ko‘ra, harbiylar HAMASning “strategik aktivi” hisoblangan yerosti infratuzilmasiga yetkazilgan zararni hisoblash ustida ish olib boryapti.

Havo hujumiga qo‘shimcha ravishda chegara orqali artilleriya va tanklar tomonidan o‘t ochilgan.

Quruqlikdan hujum vaqtida G‘azo tomonga 500 ta artilleriya snaryadi uchirilgan. G‘azodagi falastinliklar Isroil hujumi bir soatdan ortiq davom etgan.

Falastin Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, Isroil hujumi natijasida 10 nafar falastinlik halok bo‘lgan.

Shu tariqa 10 maydan beri G‘azoda Isroil hujumi natijasida halok bo‘lganlar 119 nafarga yetdi. Ularning orasida 31 nafari bola va 19 nafari ayol. Hujumlar natijasida 830 kishi jarohatlangan.

Quddusdagi vaziyatning keskinlashishi

7 may – Ramazon oyining oxirgi Juma kuni, Quddusdagi Al-Aqso masjidi atrofida tartibsizliklar boshlandi. Bunga Isroil politsiyasi tomonidan falastinliklar taroveh namozini o‘qiyotgan ushbu masjidga hujum qilgani sabab bo‘ldi. Bundan tashqari, Isroil sudi Shayx Jarroh mahallasida yashovchi arab oilalarini ko‘chirish to‘g‘risida qaror chiqargan. Chunki bu yerlarga yahudiylar da’vo qilib keladi.

Qizil yarim oy jamiyatining ma’lumotlariga ko‘ra, Isroil politsiyasining zo‘ravonliklari oqibatida 700 dan ortiq kishi jarohatlangan, shundan 333 nafari shifoxonaga yotqizilgan.

Shundan so‘ng, Falastinning HAMAS harakati Isroilni ogohlantirgan: Sharqiy Quddusdagi Al-Aqso masjidi va Shayx Jarroh mahallasidan askarlarni olib chiqib ketish uchun mahalliy vaqt bilan soat 18:00 gacha muddat qo‘ydi.

Shart bajarilmagach, 10 may kuni HAMAS harakati Isroilning bir qator shaharlarini 45 ta raketa bilan o‘qqa tutdi. Biroq Isroilning havo hujumiga qarshi “Temir gumbaz” mudofaa tizimi ushbu 45 raketaning katta qismini osmonning o‘zida zararsizlantirdi. Ba’zilari esa aholi yashash punktiga tushdi. 

Bunga javoban Isroil tomoni darhol 130 ta raketa bilan HAMAS harakati joylashgan G‘azo sektorini o‘qqa tutdi. Oqibatda esa 22 falastinlik, shu jumladan 9 bola halok bo‘ldi. HAMAS Isroilga 350 ta raketa bilan javob qaytardi.

11 may kuni Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu G‘azo sektoriga zarbalar kuchi va chastotasini ko‘paytirish niyatida ekanini e’lon qildi.

Isroil politsiyasining qarshiligiga qaramasdan 13 may kuni 100 mingdan ziyod musulmon Sharqiy Quddusdagi Al-Aqso masjidida Hayit namozini o‘qidi.

14 may kuni esa Isroil mudofaa kuchlarining havo va quruqlikdagi kuchlari G‘azo sektoriga hujum boshladi.

Xalqaro hamjamiyatning reaksiyasi

Xalqaro hamjamiyat Quddusdagi voqealarga tezda munosabat bildirdi. BMT Xavfsizlik Kengashi 10 may kuni Falastindagi mojarolarga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazdi, ammo yakunda hech qanday bayonot qabul qilinmadi.

Checheniston rahbari Ramzan Qodirov esa Isroil rasmiylarining Sharqiy Quddusdagi harbiy amaliyotini “qonunbuzarlik” deb atab, ular sodir bo‘lgan voqea uchun falastinliklardan kechirim so‘rashi kerakligini ta’kidladi.

Qator musulmon davlatlar umumiy ravishda Isroil xalqaro huquq normlarini buzayotganini aytib, norozilik bildirdi. Ularning orasida Iordaniya, Pokiston, Saudiya Arabistoni, Misr, Qatar, Bahrayn va BAA bor.

O‘z navbatida, Isroil Bosh vaziri dunyo OAVni voqealar rivojini noto‘g‘ri talqin qilganlikda ayblab, mamlakat politsiyasining zo‘ravonliklarini qo‘llab-quvvatlagan edi.

Bundan tashqari Isroil rasmiylari mojarolar boshlanishi bilan “tutingan akasi” AQSHdan vaziyatga aralashmaslik va xalqaro bosim o‘tkazmaslikni so‘radi. Vashington esa har ikki tomonni ham vaziyatda aybdor deb, mojaroni tugatishga chaqirdi. Yevropa Ittifoqi e’tiborini falastinliklarning noqonuniy ko‘chirilishiga qaratdi. Markaziy Osiyo davlatlaridan Qozog‘iston Al-Aqso masjidi atrofidagi vaziyatni hurmat qilishga chaqirdi. Shuningdek, O‘zbekiston ham Al-Aqso masjidi daxlsizligini ta’minlashga chaqirdi.

Qolaversa, 11 may kuni Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an qator musulmon davlatlar rahbarlari bilan Isroilning zo‘ravonliklarini muhokama qildi.

Keyinchalik, Eron Prezidenti Hasan Ruhoniy Isroilning Sharqiy Quddus va G‘azodagi so‘nggi hujumlariga munosabat bildirib, Misr va Iordaniyaning harakatsizligini tanqid qildi. U Isroil hukumatini “qonxo‘r sionist” deb atadi.

Qolaversa, AQSHdagi Isroil bosh konsulligi oldida Falastinni qo‘llab-quvvatlash uchun miting o‘tkazildi.Aksiyada turk va musulmon jamoalari vakillari, shuningdek, Neturei Karta pravoslav yahudiy guruhi a’zolari ishtirok etdi.

12 may kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Turkiya Respublikasi Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘anning telefon orqali muloqotida Quddusdagi to‘qnashuvlar muhokama qilindi. Shuningdek, Erdo‘g‘an Qirg‘iziston Respublikasi Prezidenti Sadir Japarovga qo‘ng‘iroq qilib, Isroilga “saboq berib qo‘yishda” sherik bo‘lishni taklif qildi.

Pentagonda bo‘lib o‘tgan uchrashuvda Isroil Mudofaa vazirligi siyosiy va harbiy departamenti direktori Zoara Palti hamda AQSH Mudofaa vazirining siyosiy masalalar bo‘yicha maslahatchisi Kolin Kola “Isroil fuqarolariga qarshi terror hujumlarini” qoralagan va AQSH Isroilning huquqlarini qo‘llab-quvvatlashini ta’kidladi.


Maqola muallifi

Teglar

Falastin Isroil hujum G'azo HAMAS

Baholaganlar

427

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing