Isroil G‘azo sektoriga hujumni kuchaytirmoqchi

Olam

image
Erdo‘g‘an qator musulmon davlatlar rahbarlari bilan Isroilning zo‘ravonliklarini muhokama qildi north_east

Erdo‘g‘an qator musulmon davlatlar rahbarlari bilan Isroilning zo‘ravonliklarini muhokama qildi

Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu G‘azo sektoriga zarbalar kuchi va chastotasini ko‘paytirish niyatida ekanini e’lon qildi. Bu haqda Isroil Bosh vaziri bugun, 11 may kuni o‘zining rasmiy Twitter sahifasida ma’lum qildi. 

“Vaziyatni baholash asosida [G‘azo sektoriga] zarbalarning kuchi va chastotasi ko‘paytirilishi to‘g‘risida qaror qabul qilindi”, deyiladi xabarda. 

Shuningdek, Bosh vazir kecha, 10 may kunidan boshlab Isroil armiyasi Falastinning HAMAS va “Islomiy Jihod” harakatlari joylashgan nuqtalarga “yuzlab zarbalar” berilgani oqibatda ko‘plab “muhim nishonlar” o‘qqa tutilganini qayd etgan.

“Chegara politsiyasi qo‘shinlarini kuchaytirish to‘g‘risida buyruq berildi. Biz ularni davlatda tartibni saqlash uchun zarur bo‘lgan darajada kuchaytiramiz”, deb yozadi Binyamin Netanyaxu.

Isroil Bosh varizi o‘z xabarida G‘azo sektoridan Isroil hududining o‘qqa tutilishi oqibatida ikki nafar tinch aholi vakili halok bo‘lganini aytgan.

Quddusdagi vaziyatning keskinlashishi

7 may – Ramazon oyining oxirgi Juma kuni, Quddusdagi Al-Aqso masjidi atrofida tartibsizliklar boshlandi. Bunga Isroil politsiyasi tomonidan falastinliklar taroveh namozini o‘qiyotgan ushbu masjidga hujum qilgani sabab bo‘ldi. Bundan tashqari, Isroil sudi Shayx Jarroh mahallasida yashovchi arab oilalarini ko‘chirish to‘g‘risida qaror chiqargan. Chunki bu yerlarga yahudiylar da’vo qilib keladi.

Qizil yarim oy jamiyatining ma’lumotlariga ko‘ra, Isroil politsiyasining zo‘ravonliklari oqibatida 700 dan ortiq kishi jarohatlangan, shundan 333 nafari shifoxonaga yotqizilgan.

Shundan so‘ng, Falastinning HAMAS harakati Isroilni ogohlantirgan: Sharqiy Quddusdagi Al-Aqso masjidi va Shayx Jarroh mahallasidan askarlarni olib chiqib ketish uchun mahalliy vaqt bilan soat 18:00 gacha muddat qo‘ydi.

Shart bajarilmagach 10 may kuni HAMAS harakati Isroilning bir qator shaharlarini 45 ta raketa bilan o‘qqa tutdi. Biroq Isroilning havo hujumiga qarshi “Temir gumbaz” mudofaa tizimi ushbu 45 raketaning katta qismini osmonning o‘zida zararsizlantirdi. Ba’zilari esa aholi yashash punktiga tushdi. 

Bunga javoban Isroil tomoni darhol 130 ta raketa bilan HAMAS harakati joylashgan G‘azo sektorini o‘qqa tutdi. Oqibatda esa 22 falastinlik, shu jumladan 9 bola halok bo‘ldi.

Xalqaro hamjamiyatning reaksiyasi

Xalqaro hamjamiyat Quddusdagi voqealarga tezda munosabat bildirdi. BMT Xavfsizlik Kengashi 10 may kuni Falastindagi mojarolarga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazdi, ammo yakunda hech qanday bayonot qabul qilinmadi.

Checheniston rahbari Ramzan Qodirov esa Isroil rasmiylarining Sharqiy Quddusdagi harbiy amaliyotini “qonunbuzarlik” deb atab, ular sodir bo‘lgan voqea uchun falastinliklardan kechirim so‘rashi kerakligini ta’kidladi.

Qator musulmon davlatlar umumiy ravishda Isroil xalqaro huquq normlarini buzayotganini aytib, norozilik bildirdi. Ularning orasida Iordaniya, Pokiston, Saudiya Arabistoni, Misr, Qatar, Bahrayn va BAA bor.

O‘z navbatida, Isroil Bosh vaziri dunyo OAVni voqealar rivojini noto‘g‘ri talqin qilganlikda ayblab, mamlakat politsiyasining zo‘ravonliklarini qo‘llab-quvvatlagan edi.

Bundan tashqari Isroil rasmiylari mojarolar boshlanishi bilan “tutingan akasi” AQSHdan vaziyatga aralashmaslik va xalqaro bosim o‘tkazmaslikni so‘radi. Vashington esa har ikki tomonni ham vaziyatda aybdor deb, mojaroni tugatishga chaqirdi. Yevropa Ittifoqi e’tiborini falastinliklarning noqonuniy ko‘chirilishiga qaratdi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

339

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing