Erdo‘g‘an qator musulmon davlatlar rahbarlari bilan Isroilning zo‘ravonliklarini muhokama qildi

Olam

image

Bugun, 11 may kuni Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an va Qatar amiri Shayx Tamim bin Hamad al-Soniy o‘rtasida telefon orqali suhbat bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Turkiya Prezidentining saytida xabar berilgan.

Ma’lum qilinishicha, ikki davlat rahbarlari Isroilning Falastin aholisiga qarshi zo‘ravonligi, shu jumladan bosib olingan Sharqiy Quddusdagi Al-Aqso masjidiga uyushtirilgan hujum masalasini muhokama qilgan.

Erdo‘g‘an mintaqa davlatlari va xalqaro hamjamiyat e’tiborini Isroilning jinoiy harakatlariga qaratish bo‘yicha Anqara va Dohaning qo‘shma qadamlari muhimligini ta’kidlagan.

Turkiya Prezidenti Falastindagi vaziyatni, shuningdek, Malayziya qiroli Sulton Abdulloh Shoh bilan ham telefon orqali muhokama qildi.

Erdo‘g‘an Al-Aqso masjidida Isroil zo‘ravonligini to‘xtatish uchun Turkiya va Malayziya barcha platformalarda hamkorlik qilishiga ishonch bildirgan.

Bundan tashqari, Erdo‘g‘an Iordaniya Qiroli Abdulloh II bilan ham suhbatlashgan.

Suhbat chog‘ida ikki davlat rahbarlari Falastindagi vaziyat va Isroilning Quddus shahri, Al-Aqso masjidi hamda falastinliklarga qaratilgan zo‘ravonliklarini muhokama qilgan. 

Qayd etish kerakki, Turkiya Prezidenti bundan avval ham Falastinni qo‘llab-quvvatlab, bir necha marta bayonot bergan.

Jumladan, may oyining boshidan Isroil politsiyasining falastinliklarga o‘tkazgan zulmidan so‘ng, Erdo‘g‘an islomiy mamlakatlar va butun dunyo jamoatchiligini okkupatsiya qilingan Sharqiy Quddusdagi falastinliklarni o‘z uylaridan zo‘rlik bilan chiqarib yuborayotgan Isroilning agressiv harakatlariga nisbatan samarali qarshilik ko‘rsatishga chaqirdi. Keyinroq Erdo‘g‘an Isroilning harakatlarini “terror“, deb baholadi.

Muntazam ravishda falastinliklar tomonida turuvchi Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an bugun ushbu masalaga birinchi marta e’tibor qaratayotgani yo‘q. 

2019 yilda Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 74-majlisida Erdo‘g‘an nutq so‘zlab, Isroilning Falastinni butunlay egallab olayotgani, BMT esa bunga tomoshabin bo‘lib turganini qoraladi.

O‘shanda Erdo‘g‘an minbarga Isroil va Falastin tuproqlari aks etgan xarita bilan chiqqan. Undagi to‘rt suratda 1948 yil – Isroil davlati tashkil topgandan buyon Falastin yerlarini qanchalik egallab borayotgani tasvirlangan.

Quddusdagi vaziyatning keskinlashishi

7 may – Ramazon oyining oxirgi Juma kuni, Quddusdagi Al-Aqso masjidi atrofida tartibsizliklar boshlandi. Bunga Isroil politsiyasi tomonidan falastinliklar taroveh namozini o‘qiyotgan ushbu masjidga hujum qilgani sabab bo‘ldi. Bundan tashqari, Isroil sudi Shayx Jarroh mahallasida yashovchi arab oilalarini ko‘chirish to‘g‘risida qaror chiqargan. Chunki bu yerlarga yahudiylar da’vo qilib keladi.

Qizil yarim oy jamiyatining ma’lumotlariga ko‘ra, Isroil politsiyasining zo‘ravonliklari oqibatida 700 dan ortiq kishi jarohatlangan, shundan 333 nafari shifoxonaga yotqizilgan.

Shundan so‘ng, Falastinning HAMAS harakati Isroilni ogohlantirgan: Sharqiy Quddusdagi Al-Aqso masjidi va Shayx Jarroh mahallasidan askarlarni olib chiqib ketish uchun mahalliy vaqt bilan soat 18:00 gacha muddat qo‘ydi.

Shart bajarilmagach 10 may kuni HAMAS harakati Isroilning bir qator shaharlarini 45 ta raketa bilan o‘qqa tutdi. Biroq Isroilning havo hujumiga qarshi “Temir gumbaz” mudofaa tizimi ushbu 45 raketaning katta qismini osmonning o‘zida zararsizlantirdi. Ba’zilari esa aholi yashash punktiga tushdi. 

Bunga javoban Isroil tomoni darhol 130 ta raketa bilan HAMAS harakati joylashgan G‘azo sektorini o‘qqa tutdi. Oqibatda esa 22 falastinlik, shu jumladan 9 bola halok bo‘ldi.

Xalqaro hamjamiyatning reaksiyasi

Xalqaro hamjamiyat Quddusdagi voqealarga tezda munosabat bildirdi. BMT Xavfsizlik Kengashi 10 may kuni Falastindagi mojarolarga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazdi, ammo yakunda hech qanday bayonot qabul qilinmadi.

Checheniston rahbari Ramzan Qodirov esa Isroil rasmiylarining Sharqiy Quddusdagi harbiy amaliyotini “qonunbuzarlik” deb atab, ular sodir bo‘lgan voqea uchun falastinliklardan kechirim so‘rashi kerakligini ta’kidladi.

Qator musulmon davlatlar umumiy ravishda Isroil xalqaro huquq normlarini buzayotganini aytib, norozilik bildirdi. Ularning orasida Iordaniya, Pokiston, Saudiya Arabistoni, Misr, Qatar, Bahrayn va BAA bor.

O‘z navbatida, Isroil Bosh vaziri dunyo OAVni voqealar rivojini noto‘g‘ri talqin qilganlikda ayblab, mamlakat politsiyasining zo‘ravonliklarini qo‘llab-quvvatlagan edi.

Bundan tashqari Isroil rasmiylari mojarolar boshlanishi bilan “tutingan akasi” AQSHdan vaziyatga aralashmaslik va xalqaro bosim o‘tkazmaslikni so‘radi. Vashington esa har ikki tomonni ham vaziyatda aybdor deb, mojaroni tugatishga chaqirdi. Yevropa Ittifoqi e’tiborini falastinliklarning noqonuniy ko‘chirilishiga qaratdi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

377

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing