Isroil Eron tahdidi tufayli 28 ta elchixonasini yopdi – OAV  

Olam

image

Isroil hukumati Eron tahdidi tufayli dunyo bo‘ylab 28 ta diplomatik vakolatxonasining faoliyatini to‘xtatdi. Bu haqda “Sky News Arabiya” kanali xabar berdi.

Mahalliy OAVning xabar berishicha, kecha, 4 aprel kuni Eronning kutilayotgan javob hujumiga "misli ko‘rilmagan tayyorgarlik" doirasida Isroil Tashqi ishlar vazirligi xavfsizlik rasmiylari bilan maslahatlashgan holda dunyo bo‘ylab bir qator elchixonalarini evakuatsiya qilishga qaror qilgan. 

Bundan oldin esa Isroil mudofaa kuchlari matbuot kotibi Daniel Xagari Isroil harbiylari barcha jabhalarda voqealar rivojiga yuqori darajada shay ekanini aytgan. 

U CNN telekanaliga bergan intervyusida zarba Damashqdagi konsullikka emas, Eron islom inqilobi qo‘riqchilari korpusining harbiy inshootiga qaratilganini ta’kidladi. Uning iddaosiga ko‘ra, bu inshoot fuqarolik binosi sifatida niqoblangan.

Ma’lumot uchun, 1 aprel kuni Isroil F-35 qiruvchi samolyotlari yordamida Damashqdagi Eron konsulligi binosiga 6 marta raketa hujumi uyushtirgan. Hujum oqibatida 13 kishi, shu jumladan generallar Muhammad Rizo Zohidiy va Muhammad Hodi Haj Rahimiy halok bo‘ldi. 

Eslatib o‘tamiz, oldinroq O‘zbekiston Isroilning Eron konsulligi binosiga uyushtirgan havo hujumini keskin qoralagandi. BMT Xavfsizlik kengashi yig‘ilishida esa BMT va ba’zi a’zo davlatlar hujumni qoralagan bir paytda AQSH Eronni Isroil va Amerika nishonlariga hujum qilishda ayblagandi. Oldinroq AQSH Markaziy razvedka boshqarmasi Eron 48 soat ichida Isroilga  kuchli zarba berishini taxmin qildi.


Maqola muallifi

Teglar

Eron Isroil

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing