Isroil 369 nafar falastinlikni ozod qiladi
Olam
−
14 fevral 2025 2717 3 daqiqa
15 fevral kuni G‘azo sektorida garovga olingan uch kishining ozod etilishi evaziga 369 nafar falastinlik ozod qilinadi. Bu haqda HAMAS mahbuslar bilan aloqalar boshqarmasi xabar berdi.
Qayd etilishicha, ushbu 369 falastinlik orasida 36 nafar umrbod qamoq jazosiga hukm qilinganlar ham bor.
“Shanba kuni kelishuv doirasida umrbod qamoq jazosiga hukm qilingan 36 nafar falastinlik va 2023 yil 7 oktyabrdan keyin hibsga olingan 333 nafar g‘azolik qamoqdan ozod qilinadi”, deyiladi xabarda.
Ma’lumot uchun, 19 yanvar kuni Isroil va HAMAS G‘azo sektorida o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga erishgandi. Ushbu kelishuv shartlariga ko‘ra, 33 nafar isroillik garovga olingan shaxs qariyb 1900 nafar aksariyati Isroil qamoqxonalarida saqlanayotgan falastinlik mahbuslarga almashtirilishi kerak edi.
8 fevral kuni garovga olinganlarni mahbuslarga almashtirishning beshinchi bosqichi yakunlandi: uch nafar isroillik garovga olingan shaxs ozod qilindi va 183 nafar falastinlik mahbus qo‘yib yuborildi. Umuman olganda, HAMAS 16 nafar isroillikni ozod qildi, yana 17 nafari harakat qo‘lida qolmoqda.
Isroil ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu 17 kishidan sakkiz nafari halok bo‘lgan, ya’ni Isroil yana to‘qqiz kishining ozod qilinishini kutmoqda.
Eslatib o‘tamiz, 10 fevral kuni HAMAS harbiy qanoti matbuot kotibi Abu Ubayda harakat G‘azo sektorida garovga olingan va 15 fevral kuni vataniga qaytishi kerak bo‘lgan yangi guruhni ozod qilish jarayonini keyinga surganini ma’lum qilgandi. HAMASning fikricha, Isroil “anklav janubidan shimolga ko‘chirilganlarni qaytarishni kechiktirib, G‘azoga qarata o‘t ochgan va barcha turdagi insonparvarlik yordamlarini kerakli miqdorda yetkazib bera olmaganida” kelishuv shartlarini buzgan.
11 fevral kuni AQSH Prezidenti Donald Tramp HAMASni barcha garovga olinganlarni ozod qilishga chaqirdi. Unga ko‘ra, agar bu amalga oshmasa, G‘azo sektorida o‘t ochishni to‘xtatish tartibi bekor qilinadi. Shuningdek, Tramp HAMASning garovga olinganlarni qismlarga bo‘lib emas, balki butunlay ozod qilishi kerakligini ta’kidlagan.
“Shanba kuni soat 12:00 da hamma garovga olinganlar ozod qilinishi kerak, aks holda, men aytgan bo‘lardimki, haqiqiy do‘zax boshlanadi”, degan Tramp.
Lekin, HAMAS harakati Donald Trampning ushbu talabini rad etdi. HAMAS matbuot kotibi Sami Abu Zuhriyning aytishicha, yanvar oyida Isroil bilan erishilgan o‘t ochishni to‘xtatish kelishuvi garovga olinganlarning ozod etilishini kafolatlashning yagona yo‘li.
Uning so‘zlariga ko‘ra, tahdidlar tili o‘rinsiz va vaziyatni yanada murakkablashtiradi. Qolaversa, Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu ham agar HAMAS harakati joriy yil 15 fevral kuni tushgacha garovga olinganlarni ozod qilmasa, Isroil G‘azo sektorida jangovar harakatlarni qayta boshlashi haqida gapirdi.
Keyinroq Qohiradagi muzokaralardan so‘ng HAMAS harakati to‘siqlar bartaraf etilganini, garovga olinganlarni ozod etish belgilangan tartibda davom etishini aytdi. Vositachi sanalgan Misr va Qatar hisobotlarida ham bo‘shliqlar bartaraf etilgani aytiladi.
Live
Barchasi