Ispaniya Ukrainaga 5 ta samolyotda snaryadlar yubordi

Olam 6712
image

Ispaniya Ukrainaga beshta samolyotda yirik kalibrli artilleriya tizimlari uchun o‘q-dorilar yubordi. Bu haqda Ukraina Qurolli Kuchlari Bosh shtabi xabar berdi.

Qayd etilishicha, Ispaniya Qurolli Kuchlari Aerokosmik kuchlariga qarashli beshta samolyotning oxirgisi 9 sentyabr kuni Madriddagi aviabazadan havoga ko‘tarilgan.

O‘q-dorilar ortilgan oldingi to‘rtta samolyot Rotadagi bazadan havoga ko‘tarilgan. Hammasi bo‘lib, Ispaniya Ukrainaga 75 ta pallet yirik kalibrli o‘q-dorilarni topshirgan.

Bundan tashqari, Ukraina Mudofaa vaziri Aleksey Reznikovning so‘roviga javoban Ispaniya Ukrainaga tibbiy buyumlar va qishki jihozlar ortilgan 20 ta yuk mashinasi sovg‘a qildi.

Avgust oyida Ispaniya Ukrainaga havo hujumidan mudofaa tizimi, o‘q-dorilar va zirhli transport vositalarini yuborgan edi. Keyin ma’lum bo‘lishicha, qurol-yarog‘dan tashqari, “tezkor talabga binoan” qish uchun 30 000 harbiy kiyim, 15 600 kurtka, 15 000 kostyum va bir necha ming dona qo‘shimcha kiyim-kechak tayyorlangan.

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. 

Sunnatilla Abdullayev
Maqolaga baho bering
Baholaganlar: 26
Reyting: 3
t
×