Islom Karimov qurdirgan Hazrati Imom majmuasi restavratsiya qilinadi
Jamiyat
−
16 aprel 12651 2 daqiqa
Toshkent shahridagi Hazrati Imom (Hastimom) majmuasi tarkibiga kiruvchi bir qator tarixiy obidalar restavratsiya qilinadi. Bu haqda Madaniy meros agentligi huzuridagi Ilmiy ekspert kengashining joriy yilning 9 aprel kuni bo‘lib o‘tgan navbatdan tashqari yig‘ilishida ma’lum qilindi.
Qayd etilishicha, Zarqaynar ko‘chasida joylashgan Abu Bakr Kaffol Shoshiy maqbarasi, Baroqxon va Mo‘yi Muborak madrasalari, Namozgoh va Tillashayx masjidlari bo‘yicha taqdim etilgan restavratsiya loyihalari kengash a’zolari tomonidan ko‘rib chiqilib, bir ovozdan ma’qullangan.
Qo‘shimcha qilinishicha, loyihalarda yodgorliklarga ziyon yetkazilmasligi kafolatlanishi va devor tagi to‘shamasi maxsus obi g‘isht – 250×250×50 o‘lchamdagi xumdonda pishirilgan musulmon g‘ishtidan foydalanish sharti bilan tasdiqlangan.
Mazkur ishlar bo‘yicha ijro va nazorat Madaniy meros agentligining Toshkent shahar boshqarmasi va “Madaniy meros ilmiy-tadqiqot instituti” davlat muassasasiga yuklatilgan.
Shuningdek, Navoiy viloyatidagi Qiziltepa tarixiy muzeyini ta’mirlash va Andijon viloyatining Xo‘jaobod tumanida joylashgan Manak ota ziyoratgohida maqbara hamda yordamchi binolar qurish loyihalari ham kengash tomonidan ma’qullangan.
Ma’lumot uchun, Hazrati Imom majmuasiga dastlab O‘zbekistonning Birinchi prezidenti Islom Karimov alohida e’tibor qaratgan. Xususan, 2007 yil boshida Islom Karimov farmoni bilan Hazrati Imom jamoatchilik jamg‘armasi tashkil etilib, Hazrati Imom majmuasining tarixiy qiyofasini qayta tiklash maqsadida qurilish, ta’mirlash va obodonchilik ishlari olib borilgan. Majmua o‘z ichiga Mo‘yi Muborak madrasasi, Qaffol Shoshiy maqbarasi, Baroqxon madrasasi, Hazrati Imom jome masjidi, Tillashayx masjidi va Imom al-Buxoriy Islom institutini qamrab olgan. Qolaversa, majmua qayta tiklangan yili ta’lim, fan va madaniyat bo‘yicha Islom tashkiloti (ISESCO) poytaxtni “Toshkent – islom madaniyati poytaxti”, deb e’lon qilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent shahar Olmazor tumanidagi Hazrati Imom dahasida daraxtlarga qarshi tozalash ishlari olib borilgani haqida xabar berilgandi.
Live
Barchasi