Iroqda milliy motam e’lon qilindi
Olam
−
03 fevral
17401Iroq hukumati tunda AQSH harbiy-havo kuchlarining chegara hududlariga uyushtirgan hujumlarida halok bo‘lganlar xotirasiga butun mamlakat bo‘ylab motam e’lon qildi. Tegishli farmon mamlakat Bosh vaziri Muhammad al-Sudaniy tomonidan imzolandi.
“Bugun, 3 fevral kuni barcha davlat muassasalari va idoralarida Anbar viloyatining chegaradosh Al-Qoim shahri hududida Amerika bombardimonlari qurbonlari bo‘lgan harbiy xizmatchilar va tinch aholi vakillari xotirasiga umumxalq motam kuni e’lon qilindi”, deyiladi hujjatda.
“Shafaq News” axborot portali xabariga ko‘ra, AQSH samolyotlari Al-Qoim hududidagi Eronparast qurolli guruhlarning to‘rtta pozitsiyasiga, jumladan, “Al-Hashd ash-Shabiiy” militsiyasi nishonlariga zarbalar bergan. Nishonlardan biri Iroqning Anbar viloyatida bo‘lgan. “Al Hadath” kanaliga ko‘ra, Amerika samolyotlari Suriya va Iroq chegarasidagi taxminan 130 km uzunlikdagi chiziq bo‘ylab zarbalar bergan. Iroq hukumati Amerikaning bombardimon qilishi oqibatida 16 kishi halok bo‘lgani, 25 kishi yaralanganini ma’lum qilgan.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq AQSH Markaziy qo‘mondonligi Suriya va Iroqdagi 85 dan ortiq nishonga zarba bergani, bu havo hujumlari Eron inqilobi qo‘riqchilari korpusiga tegishli “Al-Quds” maxsus kuchlari va unga aloqador guruhlarga qarshi qaratilganini bildirgandi. Suriya va Iroq o‘z hududlarida Amerika Qo‘shma Shtatlari tomonidan berilgan zarbalarni qoraladi.
LiveBarchasi