Indoneziyada vulqon otildi. Qurbonlar bor
Olam
−
04 noyabr
2626Indoneziyaning Flores orolida vulqon otilishi oqibatida odamlar halok bo‘ldi. Bu haqda Indoneziya tabiiy ofatlarni boshqarish milliy agentligi xabar berdi.
Levotobi Laki-Laki tog‘i hududidagi monitoring posti rasmiysi Firman Yosefga ko‘ra, u yerdagi vulqon otilishi kecha, 2 noyabr kuni yarim tunda havoga 2000 metr (6500 fut) balandlikdagi qalin jigarrang kulni sochgan va issiq kul yaqin atrofdagi qishloqqa tushgan. Oqibatda bir nechta uylar, jumladan, katolik rohibalari monastiri yongan.
Tabiiy ofatlarni boshqarish agentligining ma’lum qilishicha, qurbonlar soni 9 kishidan iborat bo‘lib, oldingi hisobotdan pasaytirib ko‘rsatilgan, keyinchalik agentlik mahalliy hokimiyatdan yangilangan ma’lumotni olgan. Ta’kidlanishicha, qurbonlar va vayronagarchiliklar miqdori haqida ma’lumot to‘plash davom etmoqda, chunki mahalliy ommaviy axborot vositalari zarar ko‘rgan uylarda halok bo‘lganlar soni ko‘pligidan xavotir bildirmoqda.
Rasmiylar, shuningdek, 2 noyabrdan oldin boshlangan qator vulqon otilishlar ortidan hozirgacha Levotobi Laki-Laki tog‘i uchun xavf darajasi oshgani va xavf zonasi kengayganini ma’lum qilgan.
Agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, Vulanggitang tumanida, yaqin atrofdagi oltita Pululera, Navokote, Xokeng Jaya, Klatanlo, Boru va Boru Kedang qishloqlarida vulqon oqibatida kamida 10 ming kishi jabr ko‘rgan.
“Hokeng qishlog‘idagi rohiba vafot etdi, yana biri bedarak yo‘qoldi. Bizning rohibalarimiz zulmatda vulqon kuli yomg‘iri ostida vahima ichida qolgan”, deydi oroldagi monastirlarni nazorat qiluvchi Avliyo Gabriel jamg‘armasi rahbari Agusta Palma.
Ma’lumot uchun, bu Indoneziyada bir necha hafta ichida ikkinchi marta vulqon otilishidir. G‘arbiy Sumatra provinsiyasidagi mamlakatdagi eng faol vulqonlardan biri joriy yilning 27 oktyabr kuni harakatga kelib, kamida uch marta qalin kul ustunlarini sochgan, yaqin atrofdagi qishloqlar esa vayronalar bilan qoplangan, biroq qurbonlar haqida xabar berilmagan.
Eslatib o‘tamiz, 2023 yilning fevral oyida Indoneziyadagi zilzila oqibatida Siau orolining Karangetang vulqoni otilishi kuzatilgandi. Tabiiy ofatlarni boshqarish va oqibatlarini yumshatish milliy agentligi lava oltita daryodan quyilganini ma’lum qilgandi.
Mohinur Karimova