Inbazar tugatiladimi?
Jamiyat
−
19 Sentabr
16247Ijtimoiy tarmoqlarda Inbazar savdo do‘konlari tarmog‘idagi xodimlar soni hamda tashkilotning tugatilishi haqida xabarlar tarqaldi. Holatga Soliq qo‘mitasi munosabat bildirdi.
Qo‘mita bergan ma’lumotga ko‘ra, bugungi kunda Toshkent shahrida Inbazar savdo brendi ostida 3 ta tadbirkorlik sub’ekti faoliyat yuritmoqda: “In mag”, “Go trend” hamda “Kds sales” mas’uliyati cheklangan jamiyatlari.
Taqdim etilgan soliq hisobotlariga ko‘ra, ushbu tadbirkorlik sub’ektlarida 44 nafar xodim rasman ish bilan ta’minlangan. Soliq organlari qonun hujjatlarida belgilangan majburiyatlaridan kelib chiqqan holda, soliq to‘lovchilar tomonidan soliq to‘g‘risidagi qonunchilikka rioya etilishi, soliqlar va yig‘imlarning to‘g‘ri hisoblab chiqarilishi, to‘liq hamda o‘z vaqtida to‘lanishi ustidan nazoratni amalga oshiradi.
Soliq organlari tomonidan 2024 yilning o‘tgan davrida Soliq mobil ilovasidagi “Soliq hamkor” tizimi orqali xaridorlardan kelib tushgan murojaatlar asosida, mazkur tadbirkorlik sub’ektlarida 17 marotaba sayyor soliq tekshiruvlari o‘tkazilib, aniqlangan huquqbuzarlik holatlari bo‘yicha jarimalar qo‘llanilgan.
Shuningdek, shtatida 1 nafar xodim ko‘rsatilgan “Inbazar” MCHJ tadbirkorlik sub’ekti sifatida faoliyat yuritmaydi va hozirgi paytda ixtiyoriy tugatilish bosqichida.
Ma’lumot uchun, 14 sentyabr kuni Toshkent shahrining Sergeli tumanida joylashgan Inbazar savdo markazi filialida xodim do‘konning boshqa bir vakili tomonidan kaltaklangandi. Ko‘p o‘tmay tarmoq rahbari videomurojaat qilib, zo‘ravonga jazo ko‘rilishini aytib chiqdi. O‘z xodimini kaltaklagan savdo markazi vakiliga nisbatan esa ichki ishlar organlari tomonidan chora ko‘rildi.
15 sentyabr kuni ijtimoiy tarmoqlarda Inbazar savdo markazi rahbari Omadtillo Xolmatovning o‘zi ham xodimlarini do‘pposlayotgani yoxud kimlar orqalidir kaltaklatayotgani aks etgan videolar tarqaldi. Tarmoqlarda sizdirilgan videolardan birida u xodimini yerga yotqizib urayotgani, tepkilayotganini, ikkinchi bir videoda esa ko‘chada o‘zi va boshqa ikki odam bilan yana bir yigitni urishga harakat qilganini ko‘rish mumkin. Har bir video davomida Omadtillo Xolmatov xodimlarini haqoratlab, ularni urishtirishga va o‘zi ham urishga intilgan. Rahbar bu jarayonlarni videoga ham olgan. Xodimlarini esa kaltaklagan. Savdo markazi boshlig‘i, shuningdek, ularni boshqa shunday holat kuzatilsa, ayab o‘tirmasligi bilan qo‘rqitgan. Bundan tashqari, Inbazar rahbari Xolmatov ularni itlarga g‘ajitishini ham ta’kidlagan. Ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari esa Inbazar va uning mahsulotlariga boykot e’lon qildi. Bu esa hanuz davom etmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Inbazar rahbariga nisbatan tergovga qadar tekshiruv boshlangani xabar qilingandi. Xodimni kaltaklagan savdo markazi vakiliga 7 sutka, “samosud”ni tasvirga olgan yana bir xodimga esa 5 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlandi.
LiveBarchasi