Toshkentda issiqxonalarning ishlashiga ruxsat berilishi mumkin, agar…

Jamiyat

−

image

Toshkent shahri mintaqasidagi issiqxonalarga “yashil” texnologiyalarga o‘tish sharti bilan faoliyatini davom ettirishga ruxsat berish taklif etilmoqda. Bu haqda Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi xabar berdi.

Qayd etilishicha, poytaxt mintaqasida tungi vaqtda havo haroratining keskin pasayishi va shamolsiz ob-havo sharoitida atmosferada inversiya tabiiy hodisasi kuzatilishi natijasida ko‘mir yoqilg‘isidan foydalanadigan issiqxona xo‘jaliklaridan chiqadigan ifloslantiruvchi moddalar bo‘yicha fuqarolarning murojaat va shikoyatlari ko‘paygan. Jumladan, Yunusobod tumani aholisi atmosfera havosi sifati yomonlashgani, shuningdek, issiqxonalarni isitish maqsadida ko‘mirdan foydalanish oqibatida yuzaga keladigan noxush hidlar haqida xabar bergan.

Fuqarolarning murojaatlarida keltirilgan barcha holatlar bo‘yicha tegishli tashkilotlar tomonidan voqea joyiga chiqqan holda tegishli o‘rganish ishlari olib borilgan. Toshkent shahri atmosferasiga ifloslantiruvchi moddalarni chiqarayotgan shaxslarga nisbatan zudlik bilan qat’iy choralar ko‘rish uchun ishonchli ma’lumotlarni olish maqsadida havodan namunalar olingan.

Bildirilishicha, Maxsus komissiya Toshkent shahri atmosfera havosi holatiga turli antropogen manbalarning salbiy ta’sirini kamaytirishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirmoqda. Ularning asosiylari sanoat korxonalari, avtotransport vositalari (elektrobuslar va elektromobillar bundan mustasno), Toshkent shahrining isitish tizimi, kuz-qish mavsumida esa poytaxt mintaqasidagi aholi yashash hududlariga yaqin joylashgan issiqxona xo‘jaliklari.

Issiqxona xo‘jaliklari vakillari amaldagi ob’ektlarni modernizatsiya qilish, ekologik toza isitish texnologiyalariga o‘tish va ekologik xizmatlar tomonidan belgilangan me’yorlarga muvofiq chiqindilar miqdorini xavfsiz darajagacha kamaytirishga tayyor ekanliklarini bildirib, bir necha bor murojaat qilgan.

Issiqxona xo‘jaliklari tomonidan energiya tejamkor texnologiyalarga o‘tish, shuningdek, zamonaviy isitish tizimlari bilan qayta jihozlanish va atmosferaga chiqarilayotgan ifloslantiruvchi moddalarni onlayn rejimda monitoring qilish tizimini joriy etish taklif qilinmoqda.

Jumladan, isitish tizimlariga ega bo‘lgan hamda davlat ekologik ekspertizasining ijobiy xulosasini olgan issiqxona xo‘jaliklari faoliyatini tabiiy gaz, shu jumladan, suyultirilgan gaz, elektr, geotermal va quyosh energiyasi, shuningdek, issiqlik elektr stansiyalarida ishlab chiqariladigan ikkilamchi issiqlik energiyasidan foydalangan holda amalga oshirish taklif etilmoqda.

Ushbu texnologiyalardan foydalanish imkoniyati mavjud bo‘lmagan taqdirda, issiqxona xo‘jaliklari isitish maqsadida ko‘mir yoqilg‘isidan ham foydalanishga ruxsat berishni taklif qilmoqda. Bunda issiqxonalar ifloslantiruvchi moddalar tashlamalari bo‘yicha belgilangan standartlarga javob beradigan zamonaviy sertifikatlangan isitish qozonlari bilan jihozlanishi, chiqindilarni tozalash va filtrlash tizimlari majburiy tartibda o‘rnatilishi, shuningdek, videokuzatuv tizimlari joriy qilinib, tegishli ma’lumotlar va videotasvirlar Ekologiya qo‘mitasi huzuridagi Milliy ekologik monitoring markaziga uzatilishi lozim.

Mazkur takliflar Ekologiya qo‘mitasi, Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Energetika vazirligi va boshqa tegishli davlat idoralari vakillaridan iborat Ishchi guruh tomonidan ko‘rib chiqilgan. Issiqxona xo‘jaliklari tomonidan Xitoy texnologiyalari asosida ishlab chiqilgan qozonxona uskunasi va filtrlar tizimidan iborat kompleks isitish tizimining tajriba namunasi taqdim etilgan. Milliy ekologik monitoring markazi mutaxassislari tomonidan, shu jumladan, ommaviy axborot vositalari vakillari hamda Ekologiya qo‘mitasi Jamoatchilik kengashi ishtirokida tasdiqlangan uslubiyat asosida atmosferaga chiqarilayotgan ifloslantiruvchi moddalar miqdori bir necha bor o‘lchangan.

Joriy yilning 30 sentyabr va 8 oktyabr kunlari taqdim etilgan filtrning tajriba namunasi bo‘yicha o‘tkazilgan o‘lchovlar aholi salomatligi uchun xavfsiz bo‘lgan tashlamalar ko‘rsatkichlari belgilangan me’yorlarga muvofiq emasligini ko‘rsatgan. Erishilgan kelishuvga muvofiq, issiqxona xo‘jaliklari taqdim etilgan filtr namunasini takomillashtirishi, u tayyor bo‘lgach esa Ishchi guruh tomonidan tegishli o‘lchovlar qayta o‘tkazilishi belgilangan.

Qo‘shimcha ravishda ma’lum qilinishicha, hozirgi vaqtda Ishchi guruh tomonidan issiqxona xo‘jaliklari qozonxona uskunalari filtrlari uchun xavfsiz chiqindi standartlarini tasdiqlashga qaratilgan hujjat loyihasi tayyorlangan. Shu bilan birga, “yashil issiqxonalar”ga aylanishni rejalashtirayotgan xo‘jaliklar uchun salmoqli subsidiyalar va soliq imtiyozlari paketini joriy etish nazarda tutilmoqda.

Atmosferaga chiqarilayotgan ifloslantiruvchi moddalarning fuqarolar salomatligiga yetkazayotgan zararini inobatga olgan holda, ekologik xavfsiz isitish tizimlari bilan jihozlanmagan issiqxona xo‘jaliklarining poytaxt mintaqasida tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirishiga nisbatan taqiq saqlanib qoladi.

Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi Bosh prokuratura, Ichki ishlar vazirligi va Milliy gvardiya bilan hamkorlikda tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatini tekshirishga nisbatan amaldagi moratoriy talablariga rioya qilgan holda issiqxona xo‘jaliklari faoliyati ustidan doimiy ekologik monitoringni amalga oshiradi.

Eslatib o‘tamiz, 2025 yilning noyabr oyida Toshkent shahri va unga tutash hududlar havosida zaharli PM2.5 zarrachalari ortishi tufayli poytaxtdagi issiqxona, sanoat korxonalari va qurilish tashkilotlari faoliyati ustidan nazorat o‘rnatilib, reydlar o‘tkazilgandi. Keyinroq, joriy yil 1 oktyabrdan Toshkent shahri va tutash hududlarda yangi issiqxona tashkil etish cheklanishi belgilandi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing