Poytaxtning 10 ta tumani hokimi korrupsiya bo‘yicha tekshiriladi
Jamiyat
−
10:44 3135 2 daqiqa
Toshkent shahrining 10 ta tumani hokimlariga nisbatan korrupsion holatlar nazoratini amalga oshirish maqsadida xizmat tekshiruvi o‘tkaziladi. Bu haqda kecha, 3 avgust kuni poytaxt hokimi Shavkat Umurzoqovning “Toshkent shahri tuman hokimlariga nisbatan xizmat tekshiruvi o‘tkazish to‘g‘risida”gi farmoyishi imzolandi.
Hujjatga ko‘ra, Toshkent shahrining 10 ta tumani, xususan, Bektemir, Mirobod, Mirzo Ulug‘bek, Olmazor, Sergeli, Uchtepa, Chilonzor, Shayxontohur, Yunusobod, Yashnobod tumanlari hokimlariga nisbatan xizmat tekshiruvi o‘tkaziladi. Bu jarayon Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining 2026 yil 22 iyuldagi 6802-sonli taqdimnomasida qayd etilgan vajlarni o‘rganish maqsadida amalga oshiriladi.
Xizmat tekshiruvini o‘tkazish bo‘yicha Toshkent shahar komissiyasi raisi etib hokimlikning Komplayens va korrupsiyaga qarshi ichki nazorat xizmati boshlig‘i Shuhrat Xudoyqulovich Turdiqulov etib belgilandi. Shuningdek, komissiya tarkibi shahar hokimining devon rahbari, Tashkiliy-kadrlar guruhi va Yuridik boshqarma boshliqlari hamda Toshkent shahar hokimining Murojaatlar bilan ishlash bosh mutaxassisidan tashkil topgan.
Ularga taqdimnomada qayd etilgan vajlarni o‘rganish bo‘yicha xolis va sifatli xizmat tekshiruvini o‘tkazish hamda natijalari yuzasidan tegishli xulosalarni rasmiylashtirish, shuningdek, zaruratga ko‘ra xizmat tekshiruvini o‘tkazish jarayoniga tegishli tashkilot va idoralardan mutaxassislarni jalb etish vazifalari yuklatildi.
Mazkur farmoyishning ijrosini nazorat qilish Toshkent shahar hokimining komplayens va korrupsiyaga qarshi ichki nazorat bo‘yicha o‘rinbosari M.Mirhamidov zimmasiga yuklatildi.
Live
Barchasi