Imron Xonga Pokistondan chiqish taqiqlandi
Olam
−
22 aprel 2022
8500Pokistonda Bosh vazir Shahboz Sharif boshchiligidagi hukumat sobiq Bosh vazir Imron Xon va uning kabineti vazirlariga mamlakatni tark etishni taqiqladi. Bu haqda APP ma’lum qilgan.
Ta’kidlanishicha, taqiq sobiq Bosh vazir va avvalgi hokimiyat vakillari “korrupsiya yo‘li orqali qo‘lga kiritilgan pullar bilan xorijda yashirinib olishi mumkinligi” bilan bog‘liq.
Yangi hukumatning birinchi yig‘ilishida Sharif iqtisodiy muammolar, inflyatsiya, ishsizlik va qashshoqlik darajasining oshishi uchun to‘liq javobgarlikni Imron Xon boshliq hukumatga yuklagan.
Sharifga ko‘ra, Pokistondagi hozirgi iqtisodiy vaziyat katta tashvish uyg‘otadi, biroq yangi hukumat vaziyatni tubdan yaxshilash va xalq og‘irini yengillashtirish uchun choralar ko‘rishga tayyor.
Bundan avval Sharif uning ma’muriyati “qasos siyosati” olib bormasligini va mamlakatda qonun ustuvorligini tiklashini aytgan.
“O‘tmishdagi noroziliklarni bir chetga surib, olg‘a intilishda millat manfaati bor”, degan u.
Ma’lumot o‘rnida, joriy yilning 11 aprel kuni Pokiston musulmon ligasi partiyasi yetakchisi Shahboz Sharif Pokiston bosh vaziri etib saylandi.
Sharif nomzodi Milliy assambleyada (parlament quyi palatasi) 342 ovozdan 174 tasini oldi. Undan oldingi Bosh vazir Imron Xon 10 aprel kuni ishonchsizlik votumi natijasida hokimiyatdan chetlatilgan edi.
LiveBarchasi