Imomo‘g‘lining hibsga olinishi bo‘yicha provokatsion post yozgan 37 kishi ushlandi

Olam

image

Istanbul hokimi va Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘anning asosiy siyosiy raqibi Ekrem Imomo‘g‘li hibsga olingani ortidan ijtimoiy tarmoqlarda provokatsion post qoldirgan 261 kishi aniqlandi, ularning 37 nafari ushlandi. Bu haqda bugun, 20 mart kuni Turkiya Ichki ishlar vaziri Ali Yerliqoya X ijtimoiy tarmog‘ida ma’lum qildi.

“Istanbul Bosh prokuraturasi tomonidan boshlangan tergovlar doirasida, ba’zi ijtimoiy media hisoblari orqali Istanbul shahar hokimi ham bo‘lgan jami 106 gumondorga nisbatan hibsga olish qarori chiqarilgach, “Jamoatchilikni nafrat va adovatga chorlash” va “Jinoyat sodir etishga undash” jinoyati doirasida provokatsion postlar qo‘yilgani aniqlandi”, dedi Yerliqoya.

Uning aytishicha, bu postlarni jami 261 nafar shubhali akkaunt menejerlari, ulardan 62 nafari xorijda bo‘lgan, qo‘ygani aniqlangan.

“Kiberjinoyatchilikka qarshi kurash departamentimiz va Xavfsizlik departamentining muvofiqlashtirilgan ishlaridan so‘ng 37 nafar gumonlanuvchi qo‘lga olindi, qolgan gumonlanuvchilarni qo‘lga olish harakatlari davom etmoqda”, deydi u.

Ma’lum qilinishicha, hibsga olish tartib-taomillaridan so‘ng 20 mart soat 06:00 ga qadar X ijtimoiy media platformasida ushbu masala yuzasidan jami 18 647 269 ta post qoldirilgani aniqlangan. Ularning  66 foizi nomli hisoblar va 34 foizi bot hisoblaridan yozilgan. 

“Kiberjinoyatlarga qarshi kurashish departamenti qonunda berilgan vakolatlar doirasida jinoyatchilik va jinoyatchilarga qarshi kurashish maqsadida 24/7 rejimida internetda virtual patrul faoliyatini amalga oshiradi”, deydi Ichki ishlar vaziri.

Eslatib o‘tamiz, kecha, 19 mart kuni  Imomo‘g‘lining hibsga olingani haqidagi xabarlardan so‘ng bir nechta ijtimoiy tarmoq platformalariga kirish cheklangani xabar qilingandi.

Ekrem Imomo‘g‘lining hibsga olinishi

19 mart kuni tongda Istanbul hokimi va Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘anning asosiy siyosiy raqibi Ekrem Imomo‘g‘li hamda uning 106 tarafdori hibsga olingandi. Ular Kurd harbiy-siyosiy tashkiloti PKKga ko‘maklashish hamda boshqa noqonuniy harakatlarda ayblanmoqda.

Mazkur voqealar yuzasidan Turkiya Adliya vaziri Yilmaz Tunch tegishli bayonotini e’lon qildi. Uning ma’lum qilishicha, Istanbul Bosh prokuraturasi tomonidan olib borilayotgan tergov harakatlari doirasida 106 nafar gumonlanuvchiga, jumladan, Istanbul shahar hokimiga nisbatan bugun ertalab hibsga olish to‘g‘risida qarorlar chiqarilgan. Bildirilishicha, Istanbul Bosh prokuraturasi tomonidan 2 ta tergov harakatlari olib borilmoqda. Shuningdek, Istanbul Bosh prokuraturasining bayonotidan ma’lum bo‘lishicha, tergov materiallari orasida MASAK (Moliyaviy jinoyatlarni tergov qilish boshqarmasi) hisobotlari, soliq ekspertizasi xulosalari, depozitlar haqida hisobotlar, guvohlarning bayonotlari va boshqa dalillar mavjud.

Turkiya Prezidenti devoni Kommunikatsiyalar boshqarmasi rahbari Faxriddin Altun esa Ekrem Imomo‘g‘li hibsga olingani ortidan davlat rahbariga nisbatan tuhmat va bo‘htonlar aytilayotganini bildirdi. U sud organlarining mustaqilligiga putur yetkazish, shuningdek, Prezident Rajab Toyib Erdo‘g‘anga daxl qilish, mafkuraviy tuhmat harakatlariga qarshi qarshi ekanini ma’lum qilgan.

Istanbul shahri talabalari Imomo‘g‘lining hibsga olinishiga qarshi namoyishga chiqdi. Turkiyaning asosiy muxolifatdagi Jumhuriyat xalq partiyasi (JXP) yetakchisi O‘zg‘ur O‘zel 86 millionlik respublika aholisini kelasi yakshanba, 23 mart kuni Istanbul hokimi Ekrem Imomo‘g‘lining hibsga olinishiga qarshi ko‘chalarga chiqishga chaqirdi. JXP a’zolari o‘zlarining partiyadoshlarining hibsga olinishiga norozilik sifatida minbarga to‘planib, parlament Bosh assambleyasi ishini to‘sib qo‘yishdi.


Maqola muallifi

Teglar

Turkiya Rajab Toyib Erdo'g'an Ekrem Imomo'g'li

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing