Imomali Rahmon Tojikiston rus tili bo‘yicha Rossiyaning yordamiga muhtojligini aytdi

Olam

image

Tojikiston respublikada darsliklar va rus tili o‘qituvchilari yetishmasligi muammosini hal qilishda Rossiya bilan hamkorlikni davom ettirishdan manfaatdor. Bu haqda Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmon rossiyalik mavqedoshi Vladimir Putin bilan kecha, 21 noyabr kuni Kremlda o‘tgan uchrashuv yakunida aytib o‘tdi. 

“Rus tilidagi darsliklar va o‘quv qo‘llanmalari yetishmasligi, shuningdek, rus tilida ta’lim beruvchi o‘qituvchilarning yetishmasligini hisobga olib, ushbu yo‘nalishlarda hamkorlikda ish olib borishdan manfaatdormiz”, deydi Rahmon.  

Uning qayd etishicha, muzokaralar chog‘ida Tojikistonda konstitutsiyaga ko‘ra millatlararo muloqot tili maqomi berilgan rus tilini o‘rganishga alohida e’tibor qaratilgan.

“Tojikistonda rus tilini o‘qitish ta’lim tizimining barcha bo‘g‘inlarida, bog‘chadan boshlab – 4 mingdan ortiq ta’lim muassasalarida majburiydir”, degan Tojikiston rahbari.  

Unga ko‘ra, bugungi kunda respublika ta’lim tizimida 2,5 million bola ta’lim olmoqda. 

Rahmon 21 noyabr kuni ikki kunlik rasmiy tashrif bilan Moskvaga keldi, tashrifning birinchi kunida Rossiya rahbari bilan tor doirada uchrashuvlar, kengaytirilgan tarkibda muzokaralar bo‘lib o‘tdi. Bir qator ikki tomonlama hujjatlar imzolandi. Tojikiston Prezidenti Moskvaga tashrifidan so‘ng 23 noyabrga belgilangan Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi Tashkilotining Minskdagi sammitida ishtirok etishni rejalashtirmoqda. Putin ham avvalroq ushbu sammitda ishtirok etishini ma’lum qilgan.

Eslatib o‘tamiz, Vladimir Putin Moskvaga borgan Imomali Rahmonni “Vatan oldidagi xizmatlari uchun” ordeni bilan mukofotladi.

Ma’lumot uchun, joriy yilning 13 oktyabr kuni Qirg‘iziston poytaxti Bishkekda bo‘lib o‘tgan MDH davlat rahbarlari sammitida rus tili Hamdo‘stlik davlatlari o‘rtasida millatlararo til sifatida tan olindi.

Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov mazkur sammitga kelar ekan, Rossiyaning maqsadlaridan biri aynan mana shu ekanini yashirmagan. U 12 oktyabr kuni, hali sammit boshlanmasidanoq MDH Tashqi ishlar vazirlari kengashi yig‘ilishida rus tilining maqomini oshirishni muhokama qilgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Vladimir Putin rus tili Imomali Rahmon

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

online_predictionLive

Barchasicall_made