Iltimos qilib so‘rayman, urushni to‘xtating – Meladze murojaat bilan chiqdi
Olam
−
24 fevral 2022
22214Rossiya va Ukrainadan urushni to‘xtatib, muzokaralar stoliga o‘tirishingizni iltimos qilaman. Ushbu so‘zlarni rossiyalik xonanda Valeriy Meladze Instagram sahifasidagi videomurojaatida aytib o‘tgan.
Meladzega ko‘ra, bugun sodir bo‘lishi kerak bo‘lmagan va hech qachon yuz berishi mumkin bo‘lmagan voqealar ro‘y bermoqda.
“Bugun sodir bo‘lishi kerak bo‘lmagan va hech qachon yuz berishi mumkin bo‘lmagan voqealar ro‘y berdi. Tarix qachondir hukm chiqaradi va hamma narsani o‘z o‘rniga qo‘yadi. Sizdan iltimos qilib so‘rayman, urushni to‘xtatib, muzokaralar stoliga o‘tiring. Odamlar muzokara olib borishi kerak, buning uchun bizga til va barcha qobiliyatlar berilgan. Odamlar o‘lmasligi kerak. Bunga chek qo‘yish kerak”, deydi xonanda murojaatda.
Ma’lumot o‘rnida, Valeriy Meladzening akasi Konstantin Meladze sobiq covet va ukrain bastakori hamda Ukrainada xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi hisoblanadi.
Avvalroq, Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari maxsus harbiy operatsiya boshlaganini e’lon qilgandi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.
So‘ngra, Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirdi.
Ukraina IIV maslahatchisi esa Kiyev va Xarkovga raketa hujumi uyushtirilganini ma’lum qildi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi. Shuningdek, rasmiy idora rus qo‘shinlari Xarkov va Odessa viloyatiga kirganini ma’lum qildi.
LXR Ichki ishlar vaziri maslahatchisi Vitaliy Kiselev esa Schaste va Stanitsa shaharchalari LXR nazoratiga o‘tganini e’lon qildi.
Eslatib o‘tamiz, 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi.
Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.
LiveBarchasi