Guterrish G‘arb davlatlarini insofga chaqirdi

Olam

image

BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish Falastinlik qochqinlarga yordam ko‘rsatish bo‘yicha Yaqin Sharq agentligi (UNRWA)ni moliyalashtirishni to‘xtatgan davlatlarni o‘z qarorlarini qayta ko‘rib chiqishga chaqirdi. Bu haqda BMT matbuot xizmati xabar berdi.

Guterrishning qayd etishicha, BMT 7 oktyabr kuni Isroil janubida sodir etilgan teraktlarda UNRWA'ning bir necha xodimlari ishtirok etgani haqidagi da’volarga zudlik bilan javob bermoqda va bu to‘g‘rida keskin qarorlar qabul qilish yaramaydi. Qolaversa, BMT tizimining oliy tergov organi – Ichki nazorat xizmatlari idorasi (OIOS) mazkur ayblov bo‘yicha tergovni boshlagan.

“BMTning terrorchilik xurujlarida ishtirok etgan har qanday xodimi qonun oldida javob beradi, shu jumladan, jinoiy javobgarlikka tortiladi”, degan BMT Bosh kotibi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, kotibiyat ushbu ayblov bo‘yicha boshqa har qanday vakolatli organ bilan hamkorlik qilishga tayyor.

BMT matbuot xizmati G‘azo sektoridagi ikki milliondan ortiq tinch aholining hayoti UNRWA tomonidan ko‘rsatilayotgan yordamga bog‘liq ekanini, agentlik urushdan jabrlanganlar uchun boshpanalar yaratishi, ularni oziq-ovqat va tibbiy yordam bilan ta’minlashini ta’kidlagan.

Antoniu Guterrish UNRWA'ni moliyalashtirishni to‘xtatgan mamlakatlarga xavotirlarini bildirib, hukumatlarni hech bo‘lmasa tashkilot faoliyatining uzluksizligini kafolatlashga chaqirgan.

“UNRWA'ning o‘n minglab xodimlari, ularning aksariyati hayot uchun xavfli vaziyatlarda ishlaydi va jamoaviy jazoga tortilmasligi kerak. Ayniqsa, ularning yordamiga ko‘z tikkan aholining ehtiyojlari qondirilishi kerak”, deydi BMT rahbari.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq bir qancha davlatlar, jumladan, AQSH, Buyuk Britaniya, Germaniya, Fransiya va Kanada O‘zbekiston 1,5 million AQSH dollari ajratgan UNRWA'ni moliyalashtirishni to‘xtatib qo‘yganini e’lon qilgan edi. Norvegiya esa ushbu harakatlarni olqishlagan bo‘lsa ham agentlikni qo‘llab-quvvatlashda davom etishini bildirdi.


Maqola muallifi

Teglar

Antoniu Guterrish Falastin G'arb qochqinlar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing