JSST va Falastinlik qochqinlarga yordam agentligi HAMAS bilan hamkorlikda ayblanmoqda
Olam
−
27 yanvar
4614Birlashgan Millatlar Tashkilotining Yaqin Sharqdagi Falastinlik qochqinlarga yordam va ishlar agentligi (UNRWA) hamda Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti HAMAS bilan aloqadorlikda ayblandi. UNRWA Bosh komissari Filipp Lazzarini 2023 yil 7 oktyabrda HAMASning Isroil janubiga uyushtirgan hujumiga aloqador bo‘lgan bir necha agentlik xodimlarini ishdan bo‘shatishni buyurdi. JSST Bosh direktori Tedros Adanom Gebreisus esa u boshchiligidagi tashkilotga qo‘yilgan ayblovlarni rad etdi. Bu haqda ular o‘zlarining rasmiy sahifalarida ma’lum qildi.
Lazzarinining aytishicha, Isroil rasmiylari BMT agentligiga o‘tgan oktyabr oyida mamlakat janubidagi hujumlarda UNRWA'ning “alohida xodimlarining ishtiroki” haqida ma’lumot bergan.
“Agentlikning insonparvarlik yordamini ko‘rsatish qobiliyatini himoya qilish uchun men ushbu xodimlarning shartnomalarini darhol bekor qilishga va haqiqatni aniqlash uchun tergov boshlashga qaror qildim”, deydi UNRWA rahbari.
Uning qo‘shimcha qilishicha, HAMASga aloqador har qanday agentlik xodimi jinoiy javobgarlikka tortiladi.
Lazzarini HAMASning 7 oktyabr kuni Isroilga uyushtirgan hujumini qoraladi va garovga olinganlarni zudlik bilan ozod qilishga chaqirdi.
“BMT qadriyatlariga xiyonat qilganlar agentlik G‘azo sektori va dunyoning boshqa mintaqalarida xizmat qilayotganlarga ham xiyonat qiladi”, deya xulosa qildi UNRWA rahbari.
Buning ortidan AQSH, Kanada va Italiya UNRWA'ni moliyalashtirishni to‘xtatdi.
AQSH Davlat departamenti matbuot xizmati rahbari Metyu Millerning yozma bayonotida ta’kidlanishicha, Qo‘shma Shtatlar UNRWAning 12 xodimi HAMASning 7 oktyabr kuni Isroilga uyushtirgan hujumiga aloqador bo‘lishi mumkinligi haqidagi da’volardan juda xavotirda.
“Davlat departamenti UNRWA uchun qo‘shimcha mablag‘ ajratishni vaqtincha to‘xtatmoqda, ayni paytda BMT bu ayblovlarni ko‘rib chiqmoqda va ularga javoban choralar ishlab chiqmoqda”, deydi Miller.
Uning so‘zlariga ko‘ra, AQSH Davlat kotibi Entoni Blinken 25 yanvar kuni BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish bilan telefon orqali muloqot qilib, “bu masala bo‘yicha chuqur va tezkor tergov o‘tkazish zarurligini ta’kidlagan”.
JSSTga nisbatan ayblov esa 25 yanvar kuni Isroilning tashkilotdagi vakili Meyrav Eylon Shahar tomonidan JSST ijroiya kengashi yig‘ilishida yangragan. U tashkilot HAMAS bilan til biriktirganini da’vo qilgan.
Uning so‘zlariga ko‘ra, tashkilot Isroil tomonidan G‘azo sektoridagi shifoxonalardan HAMAS tomonidan harbiy maqsadlarda foydalanilgani to‘g‘risida taqdim etgan dalillarga e’tibor bermasligi shundan dalolat beradi.
O‘z navbatida, JSST Bosh direktori Tedros Adanom Gebreisus tashkilotning ayblovlarni rad etdi va bu uning xodimlariga zarar yetkazishi mumkinligini aytdi.
“JSST Ijroiya kengashi yig‘ilishida Isroilning tashkilot HAMAS bilan “til biriktirgan”i va G‘azo sektorida garovga olinganlarning azob-uqubatlariga “ko‘z yumayotgani” haqidagi ayblovlarini rad etadi. Bunday yolg‘on da’volar zararli va bizning xodimlarimizni xavf ostiga qo‘yishi mumkin, chunki ular aholining zaif qatlamlariga xizmat qilish uchun o‘z hayotlarini xavf ostiga qo‘yadi”, deydi Tedros Adanom Gebreisus.
HAMASning fikricha, JSST va UNRWA'ga qarshi ayblovlar kampaniyasi ularni moliyalashtirishni to‘xtatish va Falastin xalqini ushbu tashkilotlarning yordamidan mahrum qilish uchun atayin amalga oshirilmoqda.
HAMAS davom etayotgan kampaniyani qoraladi hamda BMT va xalqaro tashkilotlarni Isroilning “tahdid va shantajiga” berilmaslikka chaqirdi. Shuningdek, harakat JSST va UNRWA faoliyatining nafaqat falastinliklarga yordam berish, balki G‘azo sektorida Isroil kuchlari tomonidan sodir etilgan “jinoyatlarni hujjatlashtirish”dagi muhimligini ta’kidladi.
LiveBarchasi