Gruziyada qamalgan Saakashvili qachon Ukrainaga qaytishi mumkinligi aytildi

Olam

image

Ukraina fuqarosi bo‘lgan Gruziyaning sobiq Prezidenti Mixail Saakashvili butun qamoq muddatini o‘z vatanida o‘tkazgandan keyingina Kiyevga qaytishi mumkin bo‘ladi. Bu haqda Gruziya Bosh vaziri Irakli Garibashvili ma’lum qildi.  

“Biz to‘qqiz yil Gruziya Prezidenti bo‘lgan odam haqida gapirayapmiz. Bu falokat va tahqir: odam o‘z xohishi bilan mamlakatimiz fuqaroligidan voz kechdi. Agar u Ukrainaga qaytmoqchi bo‘lsa, buni to‘liq muddatini o‘tagandan keyingina qila oladi. Shundan so‘ng, xohlagan joyiga bora oladi”, degan Garibashvili. 

Hukumat boshlig‘ining ta’kidlashicha, sobiq Prezident o‘zi joylashtirilgan qamoqxona xodimlaridan uni Ukrainaga qaytarishni so‘ragan. 

“U (Saakashvili) zudlik bilan Ukrainaga qaytarilishini so‘radi. Qamoqda o‘ta og‘ir ahvolda ekanligini tushundi. U xodimlarga: “Meni zudlik bilan Ukrainaga qaytaring!” deb aytdi. Odam qanaqa ahvoldaligini tasavvur qiling. U nega keldi, nimaga kelganidan keyin hech narsa bo‘lmaydi, deb o‘yladi?” degan hukumat rahbari. 

Bosh vazirning qo‘shimcha qilishicha, Saakashvili o‘z qamoq muddatini to‘liq o‘taydi va hukumatda uni qo‘yib yuboradigan odam topilmaydi. 

“Men Saakashvili o‘z muddatini to‘liq o‘tashini to‘la javobgarlik bilan e’lon qilaman. Bugungi kunda u olti yilga ozodlikdan mahrum etilgan. Bu hukm oxirgi instansiya tomonidan chiqarilgan. Agar sayyoramizdagi har qanday odam bizga kelib, uni qo‘yib yuborishni so‘rasa ham, bugun hukumatda buni hech kim qilmaydi”, degan Garibashvili. 

Hukumat rahbari, shuningdek siyosatchini afv etishdan bosh tortgan Gruziya Prezidenti Salome Zurabishviliga minnatdorlik bildirgan. 

Avvalroq, Mixail Saakashvili respublikada davlat to‘ntarishini amalga oshirishni rejalashtirgani haqida xabar bergandik.  

Eslatib o‘tamiz, Gruziyaning sobiq Prezidenti Mixail Saakashvili joriy yilning 1 oktyabr kuni vataniga qaytganida hibsga olindi. Biroz o‘tib, u hibsxonada ochlik e’lon qilgani ma’lum bo‘ldi. Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy ayni vaqtda Ukraina fuqarosi hisoblangan Saakashvilining Tbilisida hibsga olingani haqidagi xabardan xavotirda ekani ma’lum qilindi.   

Ma’lumot o‘rnida, Mixail Saakashvili 2004-2013 yillarda Gruziya Prezidenti bo‘lgan. Prezidentlik muddati tugashiga oz vaqt qolganida u mamlakatni tark etgan. Shundan so‘ng, unga nisbatan to‘rtta jinoiy ish ochilgan, ulardan ikkitasi bo‘yicha 2018 yilda hukm chiqarilgan: 

•    Tbilisi shahar sudi Saakashvilini 2006 yilda Gruziya Birlashgan banki xodimi Sandro Girgvlianining o‘ldirilishida sirtdan uch yilga ozodlikdan mahrum qilgan;
•    o‘sha yilning iyun oyida sud 2005 yilda deputat Valeriy Gelashvilining kaltaklanishi ishi bo‘yicha sobiq Prezidentni olti yilga ozodlikdan mahrum qilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Gruziya Ukraina Saakashvili

Baholaganlar

137

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing