Gruziyada G‘arbga yoqmaydigan qonun yana kun tartibiga chiqyapti
Olam
−
06 aprel
8439Gruziyada hukmron “Gruziya orzusi” partiyasi bir yil avval mamlakatdagi norozilik namoyishlari tufayli qaytarib olingan “xorijiy agentlar” to‘g‘risidagi qonun loyihasini parlamentga qayta kiritish niyatida. Bu haqda partiyaning parlamentdagi fraksiyasi rahbari Mamuka Mdinaradze ma’lum qildi.
Uning aytishicha, partiya siyosiy kengashi bilan maslahatlashuvlar natijasida yangilangan “Xorijiy ta’sirning ochiqligi to‘g‘risida”gi qonun loyihasini ko‘rib chiqishga qaytarishga qaror qilingan. Gruziyaning “Formula” telekanaliga ko‘ra, yangilangan qonun loyihasining matnidagi yagona o‘zgarish “xorijiy agent” atamasi “xorijiy davlat manfaatlari yo‘lida faoliyat yurituvchi tashkilot” iborasi bilan almashtirilgani bo‘lgan.
AQSH Gruziyada taklif qilinayotgan mazkur qonun loyihasidan xavotir bildirdi. Davlat departamenti matbuot kotibi Metyu Miller kecha, 5 aprel kuni X ijtimoiy tarmog‘ida post qoldirib, bu qonun Gruziyani Yevropa Ittifoqiga qo‘shilish yo‘lidan chiqarib yuborishini va fuqarolar hayotini yaxshilaydigan jamoat tashkilotlariga zarar yetkazishini yozdi.
Qo‘shma Shtatlar kabi Germaniya hukumati ham "Gruziyaning o‘zida, shuningdek, xorijda jamoatchilikning salbiy reaksiyasiga qaramay", mamlakat rasmiylari bahsli qonun loyihasini muhokama qilishga qaytganidan afsusda ekanini bildirdi.
“Matbuot va ommaviy axborot vositalari erkinligi har qanday demokratiyaning asosi va Yevropa Ittifoqiga qo‘shilish uchun muhim shartlardir”, deydi Germaniya Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Sebastyan Fisher.
Gruziya Bosh vaziri Irakliy Kobaxidzening 12 aprelga mo‘ljallangan Germaniyaga tashrifi chog‘ida bu mavzu muhokama qilinishi kutilmoqda. Berlinda u Federal Prezident Frank-Valter Shtaynmayer, shuningdek, Germaniya kansleri Olaf Shols bilan uchrashadi.
Ma’lumot uchun, “Gruziya orzusi” partiyasi oldin ham bir necha bor tanqid nishoniga aylangan. “Xorijiy agentlar” to‘g‘risidagi qonunning o‘zi 2023 yilda “Gruziya orzusi”ning sobiq deputatlari tomonidan asos solingan “Xalq kuchi” ijtimoiy harakati tomonidan ko‘rib chiqish uchun parlamentga taqdim etilgan. Qonun loyihasi matnida mamlakatda 20 foiz moliyalashtirishni xorijiy homiylardan oladigan nodavlat notijorat tashkilotlari va ommaviy axborot vositalarini o‘z ichiga olishi kerak bo‘lgan reyestr yaratish ko‘zda tutilgan. Reyestrga kiritilgan tashkilotlar va jismoniy shaxslar ham soliq deklaratsiyasini taqdim etishlari kerak edi, bundan tashqari, ularga davlat organlaridan har qanday ma’lumot olish taqiqlanishi ko‘zda tutilgan edi.
Qonun loyihasi parlamentda birinchi o‘qishda ko‘pchilik ovoz bilan qabul qilindi. Biroq bu mamlakatda ommaviy norozilik to‘lqiniga olib keldi, shundan so‘ng hujjatning keyingi muhokamasi kun tartibidan olib tashlandi.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Qirg‘izistonda shunga o‘xshash qonun qabul qilingandi. AQSH Davlat kotibi Entoni Blinken Qirg‘izistonda qonun loyihasidan xavotir bildirgan, Sadir Japarov esa AQSHdan respublikaning ichki ishlariga aralashmaslikni so‘ragandi.
LiveBarchasi