Gruziyada hukumatga qarshi navbatdagi namoyish boshlandi

Olam

image

Gruziyaning poytaxti Tbilisi markazida hukumatga qarshi navbatdagi namoyish boshlandi. Bu haqda “Sputnik Gruziya” xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, namoyish sababli parlament yaqinidagi markaziy Rustaveli xiyoboni yaqinidagi yo‘llar avtomobillar harakati uchun yopilgan. Ushbu yurishlarga aktyorlar ham qo‘shilgan va mamlakatda joylashgan Vaso Abashidze teatridan Rustaveli teatrigacha yurish amalga oshirilgan.

Teatr vakillari “Teatr va tomoshabinlar zulmga qarshi”, degan shiorlar bilan chiqqan.

Qayd etilishicha, uzluksiz davom etayotgan norozilik namoyishlarining 48-kunida namoyishchilarning asosiy talablari yana yangi parlament saylovlarini o‘tkazish va mitinglarda hibsga olingan faollarni ozod qilishdan iborat. Gruziya telekompaniyalariga ko‘ra, mamlakatning boshqa yirik shaharlarida ham har kuni norozilik namoyishlari bo‘lib o‘tmoqda.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yilning 26 oktyabr kuni Gruziyada parlament saylovlari bo‘lib o‘tgandi. Markaziy saylov komissiyasi e’lon qilganidek, hukmron “Gruziya orzusi” partiyasi 54 foiz ovoz bilan g‘alaba qozongan. Muxolifat ovoz berishning rasmiy natijalarini qabul qilishdan bosh tortdi va ko‘plab qonunbuzarliklarni bahona qilib, norozilik namoyishlariga chaqirdi. Politsiya bir necha bor namoyishchilarni tarqatib yubordi.

28 noyabr kuni Bosh vazir Irakliy Kobaxidze 2028 yilgacha Gruziyaning YeIga kirishi bo‘yicha muzokaralardan bosh tortishini ma’lum qildi. Shundan keyin noroziliklar yanada kengaydi. Yevropa Ittifoqi va AQSH hukmron partiyaning qarorini qoralab, Gruziya bilan hamkorlikni keskin qisqartirdi.

Muxolifat Yevropa Ittifoqini “Gruziya orzusi” hukumatining qonuniyligini tan olmaslikka chaqirdi. Qolaversa, namoyishlar davomida Gruziya poytaxti Tbilisi shahrida 400 dan ortiq odam hibsga olindi.


Maqola muallifi

Teglar

Gruziya Gruziya orzusi Rustaveli

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing