Gripp alomatlari, oldini olish va davolash usullarini bilasizmi?
Salomatlik
−
13 dekabr 2023
15719Gripp to‘satdan boshlanib, bir necha soatda bemorda isitma, yo‘tal (odatda quruq), bosh og‘rig‘i, mushaklar va bo‘g‘imlarda og‘riq, zaiflik, tomoq yallig‘lanishi va burun oqishi paydo bo‘ladi.
Ushbu alomatlarning ba’zilari kuzatilmasligi mumkin, biroq yuqori isitma va zabtiga olish kasallikning odatiy belgilaridir. Boshqacha qilib aytsak, agar siz bir necha kun ichida "yiqilib" qolsangiz va keyin kasallik ortga chekinsa, bu gripp emas, o‘tkir respirator virusli infeksiya (O‘RVI).
Grippning sababi esa nafas yo‘llarining shilliq qavatiga virusning kirib borishidir. Grippning inkubatsion davri 2 kundan 9 kungacha davom etadi va birinchi alomatlar paydo bo‘lganidan keyin 5-10 kun davomida yuqumli hisoblanadi.
Aksariyat odamlar bir hafta ichida davolanmasdan tuzalib ketishadi. Ammo xavf guruhi ostidagi gripp jiddiy oqibatlarga olib kelishi mumkin.
Xavf guruhlari:
ikki yoshgacha bo‘lgan bolalar;
65 yoshdan katta qariyalar;
homilador ayollar;
har qanday yoshdagi surunkali yurak, o‘pka, buyrak, jigar, qon kasalliklari, shuningdek qandli diabetdan aziyat chekuvchilar;
immuniteti pasaygan bemorlar (masalan, OIV bilan kasallanganlar).
Virus asosan havo tomchilari orqali yuqadi va shu sababli maktab, bolalar bog‘chasi, idoralar va boshqa odamlar gavjum joylarda tez tarqaladi. Kassallik ko‘pincha yo‘talganda, aksirganda bemordan boshqaga o‘tadi, shuningdek, qo‘l siqish orqali ham yuqish ehtimoli bor. Shuning uchun virus tarqalishining oldini olishning asosiy chorasi – niqob taqish (sog‘lom odam emas, balki bemor) va muntazam ravishda qo‘lni sovun bilan yuvishdir.
Mavsumiy gripp epidemiyalari ko‘pincha dekabrdan martgacha kuzatiladi. Har yili kattalarning 5-10 foizi, bolalarning esa 20-30 foizi grippga chalinadi. Aksariyat insonlar kasallikka dosh berishga qodir, ammo yiliga 3-5 million odam grippning og‘ir turini boshdan kechiradi, bu esa 250-500 ming, ba’zida esa 1 milliongacha kishining o‘limiga olib keladi.
Grippning oldini olishning bir necha yo‘li mavjud, jumladan:
kasal odamlar bilan aloqa qilishdan saqlanish;
kasallikning har qanday belgilari kuzatilganda, uyda qolish;
aksirish paytida va yo‘talayotganda og‘iz va burunni ro‘molcha bilan berkitish;
imkon qadar qo‘llarni sovun bilan yuvish;
agar buning imkoni bo‘lmasa, antiseptik vositalardan foydalanish;
ayniqsa jamoat joylariga tashrif buyurganda ehtiyotkor bo‘lish.
Ammo grippdan saqlanishning eng samarali usuli bu emlanishdir. Grippga qarshi emlanish samarali va xavfsizdir. U ko‘plab mamlakatlarda 60 yildan ortiq vaqt davomida qo‘llanilib kelinmoqda. Voyaga yetgan aholini emlash infeksiyasinining tarqalishini oldini olishga yordam beradi. Ammo emlanishi juda zarur bo‘lgan aholi guruhlari mavjudki, ularda asoratlar rivojlanishi tahlikasi yoki yuqtirish xavfi juda yuqori.
Shu bois ham JSST (Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti) har yili grippga qarshi vaksinatsiyani tavsiya qiladi.
Ma’lumot uchun,gripp virusining 3 turi mavjud: A, B va C.
A tipidagi viruslar sirt oqsillari birikmalariga ko‘ra, yana kichik turlarga bo‘linadi. Gripp viruslarining xilma-xilligi orasida hozirgi vaqtda A (H1N1) va A (H3N2) viruslari eng ko‘p tarqalgan. Gripp epidemiyasi boshlanishidan oldin vaksina tanlash uchun virusning inson tanasidagi dominant turini bilish muhimdir.