Grippdan so‘ng organizm qancha vaqtda tiklanadi?
Salomatlik
−
12 noyabr
5041Inson organizmi grippdan so‘ng taxminan yetti-o‘n kun ichida tiklanadi. Bu haqda Toshkent shahar 4-son yuqumli kasalliklar shifoxonasi bosh shifokori Shahlo Isomuhammadova ma’lum qildi.
Uning aytishicha, kuz-qish mavsumida grippga chalinish holatlari ko‘payadi. Qolaversa, ushbu kasallikning simptomlaridan ko‘ra asoratlari xavfliroq. Shu bois isitma me’yorlashib, yo‘tal va burun oqishi to‘xtagach, kasallikdan to‘liq tuzaldim, deb o‘ylash yanglish xulosa. Negaki, grippning o‘tkir bosqichidan so‘ng jismoniy va ruhiy toliqqan, suvsizlangan hamda ko‘p quvvat yo‘qotgan organizmning tiklanish davri boshlanadi. Bu vaqtda tanada holsizlik, charchoq va zaiflik kuzatiladi.
Tahlillarga ko‘ra, grippning yengil shaklida organizm taxminan yetti-o‘n kun ichida tiklanadi. Xastalikning o‘rta og‘ir bosqichida bu muddat o‘n-o‘n to‘rt, ba’zan 21 kungacha cho‘ziladi. Grippning og‘ir shaklini to‘liq yengib, quvvatga kirish uchun esa uch oy vaqt kerak.
Bu har kimda har xil kechadi. Tiklanish muddati bemorning kasallik boshlanishidan avvalgi immuniteti holatiga bog‘liq. Chunki virus surunkali xastaliklarni qo‘zg‘atib yuborishi mumkin. Bundan tashqari, gripp asoratlari nafaqat otit va sinusit, balki virusli pnevmoniya, meningit, yurak ishemik kasalliklari, bronxial astma va surunkali bronxitni ham keltirib chiqarishi mumkin.
Bu viruslarga qarshi kurashish natijasida immunitet zaiflashib, ichki a’zolar faoliyati buzilishi bilan izohlanadi. Shuningdek, xastalik chog‘ida infeksiyalar tufayli asab tizimi zararlanadi. Oqibatda bemor to‘liq oyoqqa turganidan keyin ham toksinlarning miyaga ta’siri uzoq davom etadi.
Shu sababli bemor holsizlik, jizzakilik, bosh og‘rig‘i, uyqu buzilishi, xotira susayishi va ish qobiliyati pasayishidan aziyat chekadi.
O‘z navbatida, muolaja jarayonida foydalanilgan dori-darmonlarning jigar, buyrak va ovqat hazm qilish tizimiga ayrim nojo‘ya ta’sirlari sezilishi ehtimoli mavjud. Shu tufayli grippdan tuzalgan bemorlarga jismoniy faollik va stressdan saqlanish, immunitetni mustahkamlash, to‘g‘ri ovqatlanish, vitamin terapiyasi, ichak mikroflorasini tiklashga qaratilgan dori-darmon muolajasi, massaj va fizioterapiya mashqlari tavsiya etiladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq betob bo‘lganda qanday mahsulotlardan saqlanish kerakligi aytilgandi.
LiveBarchasi