Tarixda ilk bor cho‘chqa buyragi inson tanasida 271 kun ishladi

Olam

image

AQSHda genetik jihatdan o‘zgartirilgan cho‘chqadan ko‘chirib o‘tkazilgan buyrak odam organizmida 271 kun davomida ishlab turdi. Bu haqdagi tadqiqot “Haberler”da e’lon qilindi.

Nashrga ko‘ra, AQSHda genetik jihatdan o‘zgartirilgan cho‘chqadan Tim Endryus ismli bemorga ko‘chirib o‘tkazilgan buyrak uning organizmida 271 kun davomida ishlagan. Ushbu transplantatsiya hozirgacha inson tanasida faoliyat ko‘rsatgan cho‘chqa buyragining eng uzoq muddat ishlagan holati sifatida qayd etilgan. Mutaxassislar bu natijani organ kutayotgan bemorlar uchun hayvon a’zosini odamga ko‘chirib o‘tkazish bo‘yicha tadqiqotlarda muhim yutuq sifatida baholamoqda.

“Mass General Brigham” shifoxonasi jamoasining ma’lum qilishicha, ushbu natijalar cho‘chqa organlari inson organi topilguniga qadar bemorlar uchun “ko‘prik” vazifasini bajarishi mumkinligini ko‘rsatmoqda.

Ma’lum qilinishicha, 2-turdagi qandli diabet bilan bog‘liq terminal bosqichdagi buyrak yetishmovchiligidan aziyat chekkan Endryusda operatsiya 2025 yil 25 yanvar kuni, u 66 yoshdaligida o‘tkazilgan. “The Lancet” jurnalida e’lon qilingan ma’lumotlarga ko‘ra, ko‘chirib o‘tkazilgan cho‘chqa buyragi operatsiyadan so‘ng darhol ishlay boshlagan. Buyrak 271 kun davomida faoliyat ko‘rsatgan va o‘sha yilning oktyabr oyida bemor organizmidan olib tashlangan.

Endryusning aytishicha, ushbu transplantatsiya unga yangi umid bergan. U bir necha oy davomida dializ apparatiga bog‘lanmagan holda hayot kechirish imkoniga ega bo‘lgan.

Transplantatsiyadan keyingi dastlabki davrda bemorning immun tizimida ko‘chirib o‘tkazilgan organni rad etish belgilari kuzatilgan. Shifokorlar qo‘llanilayotgan dori-darmonlarni moslashtirish orqali ushbu holatni nazorat ostiga olgan. Biroq taxminan olti oy o‘tgach, buyrakning qon tomirlarida shikastlanish va yallig‘lanish rivojlangan. Vaqt o‘tishi bilan buyrak o‘z faoliyatini yo‘qota boshlagan va shu sababli organ olib tashlangan. Shifokorlarning ma’lum qilishicha, buyrakdagi shikastlanishning aniq sababi hozircha aniqlanmagan.

Cho‘chqa buyragi olib tashlanganidan so‘ng, Endryus 82 kun davomida dializ muolajasini olgan. Keyinchalik unga inson donoridan buyrak ko‘chirib o‘tkazilgan va mazkur buyrak yaxshi faoliyat ko‘rsatayotgani qayd etilgan.

Ushbu transplantatsiyada oddiy cho‘chqa buyragidan foydalanilmagan. Tadqiqotchilar yukatan miniatyura cho‘chqalarining genomiga 69 ta genetik o‘zgartirish kiritgan. Mazkur o‘zgartirishlar yordamida inson immun tizimining hujumiga sabab bo‘lishi mumkin bo‘lgan cho‘chqaga xos ayrim xususiyatlar yo‘q qilingan. Shuningdek, organning inson organizmi bilan mosligini oshirishga yordam beradigan genetik o‘zgarishlar amalga oshirilgan. Bundan tashqari, cho‘chqa genomida mavjud bo‘lgan ayrim viruslar sababli yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan infeksiyalar xavfini kamaytirish ham ko‘zda tutilgan.

Ma’lumot uchun, boshqa turga mansub hayvonlardan insonga hujayralar, to‘qimalar yoki organlarni ko‘chirib o‘tkazish ksenotransplantatsiya deb ataladi. Cho‘chqalar ushbu yo‘nalishdagi tadqiqotlarning markazida turibdi. Buning asosiy sabablaridan biri – ularning organlari hajmi jihatidan inson organlariga yaqin ekanidir. Bundan tashqari, cho‘chqalarni nisbatan oson ko‘paytirish mumkin.

“Mass General Brigham” transplantatsiya fanlari markazi doktori Leonardo Riyellaning so‘zlariga ko‘ra, ksenotransplantatsiya kelajakda, ayniqsa tirik donori bo‘lmagan bemorlar uchun muhim imkoniyatga aylanishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Yaponiyada olimlar 2028 yildan boshlab genetik o‘zgartirilgan cho‘chqa buyraklarini insonlarga ko‘chirib o‘tkazish bo‘yicha klinik sinovlarni boshlashni rejalashtirayotgani haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing