Gorbachyov bugun dafn etiladi. Putin marosimda qatnashadimi?

Olam

image
0:00
0:00
download

Bugun, 3 sentyabr kuni Moskvadagi Kasaba uyushmalari uyida Sovet Ittifoqining birinchi va so‘nggi prezidenti Mixail Gorbachyov bilan vidolashuv marosimi boshlandi.

Marosim ikki soat davom etishi va tushlikgacha yakunlanishi kutilmoqda. Zalga kirish bepul. 

Marosimdan keyin Mixail Gorbachyov Novodevichiy qabristoniga dafn etiladi. 

Rossiya Federatsiyasi Prezidentining matbuot kotibi Dmitriy Peskovning ma’lum qilishicha, davlat rahbari Vladimir Putin ish kuni tig‘izligi sababli Mixail Gorbachyov bilan rasmiy vidolashuv marosimida ishtirok eta olmaydi. Putin 1 sentyabr kuni Gorbachyov vafot etgan Markaziy klinik shifoxonaga keldi va uning tobuti oldiga gul qo‘yib, marhumning xotirasiga hurmat bajo keltirdi.  

Rossiya Federatsiyasi Xavfsizlik kengashi raisining o‘rinbosari Dmitriy Medvedev bugun Kasaba uyushmalari uyiga kelib, Mixail Gorbachyov bilan vidolashdi. Siyosatchi tobut yoniga gul qo‘yib, Gorbachyovlar oilasi a’zolariga hamdardlik bildirdi. 

Avvalroq Medvedev siyosatchining hamkasblari, qarindoshlari va do‘stlariga telegramma yo‘llab, unda Gorbachyov insoniyat tarixi rivojiga jiddiy ta’sir ko‘rsatgan yorqin siyosatchi, davlat va jamoat arbobi sifatida keng tanilganini ta’kidlagan edi. Xavfsizlik Kengashi rahbari o‘rinbosarining so‘zlariga ko‘ra, Mixail Sergeyevich mamlakat tarixining dramatik davrlarida juda boshqacha, ba’zan o‘ta og‘ir qarorlar qabul qilgan. Medvedev, shuningdek, Gorbachyov SSSR siyosiy tizimini rivojlantirishga hissa qo‘shganini va butun dunyoda keng ko‘lamli o‘zgarishlarga asos solganini qayd etgan.

Vengriya Bosh vaziri Viktor Orban bugun Mixail Gorbachyov xotirasiga hurmat bajo keltirish uchun Moskvaga keladi. Bu haqda “Agence France-Presse” Vengriya hukumatiga tayanib xabar berdi. 

Unga ko‘ra, Orban Vengriya delegatsiyasi tarkibida marosimda ishtirok etadi. 

Vengriya Bosh vazirining Moskvaga tashrifi davomidagi rejalari haqida batafsil ma’lumot berilmagan. Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskovning so‘zlariga ko‘ra, Orban va Vladimir Putinning uchrashuvi rejalashtirilmagan.

Mixail Gorbachyov 1931 yil 2 martda tug‘ilgan. U 1990 yil 15 martdan 1991 yil 25 dekabrgacha SSSRning birinchi va oxirgi prezidenti bo‘lgan. Bundan tashqari, u Sovet Ittifoqi Kommunistik partiyasi Markaziy Qo‘mitasining oxirgi Bosh kotibi va SSSR Oliy Kengashi Prezidiumining raisi lavozimlarida ishlagan.

Gorbachyov 1991 yil 25 dekabrda SSSR prezidenti lavozimidan iste’foga chiqdi, shu bilan birga Sovet Ittifoqi o‘z faoliyatini to‘xtatdi. Gorbachyov jamg‘armasida saqlanadigan mehnat daftarchasida uning davlat rahbari lavozimini tark etgani haqida hech qanday qayd yo‘q.

Eslatib o‘tamiz, Mixail Gorbachyov 30 avgust kuni kechqurun og‘ir va uzoq davom etgan xastalikdan so‘ng vafot etdi

Gorbachyov Moskvadagi Novodevichiy qabristoniga, turmush o‘rtog‘i yoniga dafn etiladi.


Maqola muallifi

Teglar

Mixail Gorbachyov

Baholaganlar

188

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing