G‘ofurboyning rafiqasi va Miraliyevlar ishi. Sudga Lola Rahimovaning o‘zi keldi
Jamiyat
−
24 fevral 2020
228762020 yil boshida boshlangan va jamoatchilik orasida shov-shuvga sabab bo‘lgan O‘zbekistonda parrandachilik biznesi bilan shug‘ullanuvchi Oybek Miraliyev va unga qarshi G‘ofur Rahimovning rafiqasi Lola Rahimova o‘rtasida ochilgan jinoyat ishi sudda ko‘rilayotgani haqida ma’lum qilgan edik.
Oybek Miraliyev 2019 yil 21 sentyabrda Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) 4-qismi “a” bandi bilan ayblanib, unga nisbatan “qamoqqa olish” ehtiyot chorasi qo‘llanilgan holda qidiruv e’lon qilingan. 2019 yil 23 sentyabr kuni u huquqni muhofaza qiluvchi tashkilot xodimlari tomonidan ushlangan.
Miraliyevlarning kenjasi Eldor Miraliyev ishida ham Lola Rahimova jabrlanuvchi sifatida qatnashmoqda. Eldor Miraliyevga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi “a” bandi va 168-moddasi 4-qismi “a” bandi, 166-moddasi 4-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. QALAMPIR.UZ ushbu sud ishida qatnashib, sud majlislarini yoritib kelmoqda.
Bugun, 24 fevral kuni sud ishida G‘ofur Rahimovning rafiqasi Lola Rahimova shaxsan o‘zi qatnashdi. Sud majlisida raislik qiluvchi sudya Lola Rahimova va uning advokatiga so‘z berdi. Jabrlanuvchining himoyachisi suddan Lola Rahimovaning asoslari bevosita Oybek Miraliyev bilan bog‘liq ekani va aka-uka Miraliyevlar ishi birlashtirilishi lozimligini so‘radi. Himoyachi bu masalada iltimosnoma kiritdi.
Advokatning ushbu iltimosnomasini Rahimovaning o‘zi ham quvvatladi. Raislik qiluvchi sudya taraflardan ushbu masala yuzasidan fikr so‘radi. Taraflar va advokatlarda hech qanday e’tirozlar bildirilmadi. Shu munosabat bilan sud ikki Miraliyev (Oybek va Eldor Miraliyev) ishini birlashtirish haqida ajrim chiqardi.
Sud majlisi tugaganidan so‘ng, Lola Rahimovadan QALAMPIR.UZ uchun intervyu berishini so‘radik.
“Sud jarayoni hali davom etmoqda. Ayni vaqtda jinoiy ish bo‘yicha fikr bildirsak, aybsizlik prezumpsiyasiga zid bo‘ladi”, deya ta’kidladi Lola Rahimova.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan sud majlisida Lola Rahimova o‘rniga sobiq Jasliq mahbusi Q.G‘. qatnashib, ko‘rsatma berishni so‘ragan edi. Biroq Q.G‘. ish yuzasidan faqat guvoh sifatida ko‘rsatma berishi mumkin ekanini ta’kidlagan edi.
LiveBarchasi