Miraliyevlar ishida guvoh sudga hurmatsizlik qildi va jazosini oldi. Prokuror uning tarafini olgandi
Jamiyat
−
14 mart 2020
17202Jamoatchilik orasida ko‘plab shov-shuvlarga sabab bo‘layotgan aka-uka Miraliyevlar bilan bog‘liq jinoyat ishi yanada qizg‘in pallaga kirdi. Ta’kidlash joizki, sud majlislari taraflar o‘rtasida tortishuvlar, muhokamalarga boy o‘tmoqda. Jabrlanuvchi va ayblanuvchilar o‘zlarining himoyachilari yordami bilan faol tarzda pozitsiyalarini bildirib kelishmoqda.
12 mart kuni, mazkur jinoyat ishi doirasida Jinoyat ishlari bo‘yicha Sirg‘ali tuman sudi binosida navbatdagi sud majlisi o‘tkazildi. Sudda jabrlanuvchi va guvohlarga so‘z berildi. Bu safargi sud majlisi davomida kamdan-kam uchraydigan holat kuzatildi. Guvohlardan biri sudga hurmatsizlik ko‘rsatgani uchun sud zalida yig‘ilganlar tomonidan e’tirozlar uchradi va u jazosiz qolmadi.
Jabrlanuvchilardan biri sifatida bu sud majlisiga Lola Rahimovaning singlisi G.K. taklif etildi. Uning aytishicha, Oybek Miraliyev G.K.ga 2013 yilda sotilgan uyi sabab, 550 ming AQSH dollari miqdorida qarzdor ekan.
“Oybek Miraliyev bizning oilamizning to‘liq ishonchiga kirgan. Men Dubayga ketishim oldidan, 2013 yili uyimni sotishga qaror qildim. Avvaliga 700 ming AQSH dollariga sotmoqchi edim. Biroq, uyni sotib olishga xaridor chiqavermadi. Oybek bilan maslahatlashib, bu uyni 650 ming AQSH dollariga sotishga qaror qildik. Oybek Miraliyevga ishonchnoma tarzida uyimni sotishini, hujjatlashtirish ishlari kabi ishlardan meni xalos qilishini aytdim. U menga jami 100 ming AQSH dollari berdi. Qolgan pulni so‘raganimda, 550 ming AQSH dollarini soya biznesiga kiritishimni tavsiya qildi. Pulni so‘rayverganimdan oxirgi marta telefon orqali gaplashganda janjallashib ketdik va qaytib gaplashmadik”, deydi jabrlanuvchi.
Jabrlanuvchi G.K.ning ko‘rsatmalaridan so‘ng, uning o‘g‘li I.J. ham ko‘rgan va eshitganlarini aytib berdi. Oliy yuridik malakaga ega bu guvoh Moskvada o‘qigan vaqti Oybek va Eldor Miraliyevlar bilan tanishganini aytdi.
Sud majlisi so‘ngida guvoh A.A. odobsiz harakatlar sodir etdi va qonuniy jazo oldi. O‘zini “O‘zbekinvest”ning sobiq xodimi deya tanishtirgan A.A. 2012-2016 yillarda Q.G‘.ning firmalariga ishonchnoma asosida faoliyat yuritganini aytmoqda. A.A.ning vazifasi – Q.G‘. “Jasliq” koloniyasida bo‘lgan vaqtida mulkni saqlab turish bo‘lgan.
Guvoh A.A. sud majlisida advokatlar savollariga javob berar ekan, ochiqchasiga beodoblik qildi va sudga hurmatsizlik ko‘rsatdi. Birinchi safar bu holatga e’tibor berilmadi. Sud majlislarida tortishuvlar ko‘p bora sodir etilgani bois birinchi holatga ko‘z yumildi. Ammo, ikkinchi marta advokat ayolga nisbatan etika qoidalariga zid muomalada bo‘lgani unga qimmatga tushdi. Sud zalining o‘zida advokat raislik qiluvchiga “guvohning xatti-harakatlariga nisbatan chora ko‘rilishi”ni so‘rab iltimosnoma kiritdi. Bu holatga advokatlardan biri “sudga nisbatan qanday muomalada bo‘lish kerakligini tushuntirmasak, ertaga bunday holatlar ko‘payaveradi. Shu sababli guvohning xatti-harakatlari yuzasidan ma’muriy javobgarlik masalasini ko‘rish kerak. Zero, bu boshqa protsess ishtirokchilariga ham saboq bo‘ladi”, deb o‘z munosabatini bildirdi. Bu fikrni aksariyat advokatlar ham ma’qullashdi. Prokurorga fikr bildirish uchun so‘z berildi. Qonun himoyachisi sanalmish prokuror bu holatda ma’muriy javobgarlikka asos bo‘luvchi holat yuzaga kelmaganini aytdi.
Sud iltimosnoma bo‘yicha maslahatga kirdi va o‘zining ajrimini qabul qildi.
Sud, guvoh A.A.ni “sud majlisi paytida tartibni buzishda o‘z ifodasini topgan sudga hurmatsizlik qilish” bilan huquqbuzarlik sodir etgan deb topdi. Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 180-moddasiga binoan, guvoh A.A.ga bazaviy hisoblash miqdorining bir baravari miqdorida jarima solindi (2020 yil 1 fevraldan bazaviy hisoblash miqdori – 238 610 so‘m).
Ma’lumot o‘rnida, 180-moddada (Sudga hurmatsizlik qilish) – “Guvoh, jabrlanuvchi, da’vogar, javobgar, ishda qatnashuvchi boshqa shaxslarning sudga kelishdan qasddan bo‘yin tovlashida yoki mazkur shaxslarning va boshqa fuqarolarning raislik qiluvchi farmoyishiga bo‘ysunmasligida yoxud sud majlisi paytida tartibni buzishda o‘z ifodasini topgan sudga hurmatsizlik”, deya keltirilgan.
Mazkur huquqbuzarlik bazaviy hisoblash miqdorining bir baravaridan uch baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
Ish:
Sudda jabrlanuvchi sifatida G‘ofur Rahimovning rafiqasi Lola Rahimova ham qatnashayotgani haqida ma’lum qilingan
Oybek Miraliyev jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) 4-qismi “a” bandi bilan ayblanib, unga nisbatan “qamoqqa olish” ehtiyot chorasi qo‘llanilgan holda qidiruv e’lon qilingan. 2019 yil 23 sentyabr kuni u huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari tomonidan ushlangan.
Eldor Miraliyevga nisbatan esa Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi “a” bandi va 168-moddasi 4-qismi “a” bandi, 166-moddasi 4-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Sud majlisida Rahimova o‘rniga “Jasliq”ning sobiq mahbusi ham ko‘rsatma berdi. U guvoh sifatida emas, jabrlanuvchi sifatida so‘z berilishini so‘radi.
Jabrlanuvchining ishi bevosita Oybek Miraliyevga taalluqli ekani bois, ikki aka-uka Oybek va Eldor Miraliyevlar ishi birlashtirilgan edi. Shu sababli, sud majlisiga Lola Rahimova kelib o‘z ko‘rsatmalarini berdi. G‘ofur Rahimovning rafiqasi o‘zida ikki fuqarolik: Rossiya va O‘zbekiston fuqaroligi mavjud ekanini ma’lum qildi.
LiveBarchasi