Miraliyevlar ishi: sud zalining o‘zida kichik Miraliyev qamoqdan ozod etilishi mumkin edi... 

Jamiyat

image

G‘ofur Rahimov rafiqasi Lola Rahimova va aka-uka Miraliyevlar ishi jamoatchilikning diqqat markazida bo‘lib kelmoqda.  

Ushbu sud ishi doirasida Oybek Miraliyev jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) 4-qismi “a” bandi bilan ayblanib, unga nisbatan “qamoqqa olish” ehtiyot chorasi qo‘llanilgan holda qidiruv e’lon qilingan. Eldor Miraliyevga nisbatan esa Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi “a” bandi va 168-moddasi 4-qismi “a” bandi, 166-moddasi 4-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. 

Bugun, 9 mart kuni Sirg‘ali tuman jinoyat sudida ushbu ishning navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda tergov organlari tomonidan jabrlanuvchi va guvoh deb topilgan shaxslar ko‘rsatma berdi. 

Dastavval, jabrlanuvchi R.G‘. o‘zining da’vosini keltirdi. Da’vo bo‘yicha “Sanoatqurilishindustriya” jamiyatiga qarashli bino yuzasidan ekan. Jabrlanuvchi Oybek Miraliyevga aloqador ushbu binoni sotib olmoqchi bo‘lgani, A. X. ismli tanishi bilan bu haqda gaplashganini aytdi. A.X. binoni olish uchun o‘rtaga tushgani, u orqali Oybek Miraliyevga 200 ming AQSH dollari berganini ta’kidladi. Ma’lum bo‘lishicha, bino narxi 2 million 800 ming dollarga kelishilgan va 200 ming AQSH dollari “zakalat” berilgan. R.G‘. kelishilgan vaqtda qolgan pulni bera olmagani sababli kelishuv buzilgan, shuning uchun binoni A.X.ning o‘zi sotib olganini aytdi. Biroq, 200 ming dollar esa hali-xanuz qaytarilmaganidan shikoyat qildi.  

Yuqoridagi jabrlanuvchining ko‘rsatmasidan so‘ng, sud zaliga A.X.ning o‘zi chaqirildi. U biznes hamkori R.G‘. pulni vaqtida to‘lay olmagani sabab binoni sotib olgani, 200 ming AQSH dollari evaziga kvartiralar ko‘rsatganini aytib o‘tdi.  

Oybek Miraliyevga ham so‘z berilganida, u R.G‘. bilan hech qanday kelishuv qilmagani, bu ishda faqatgina A.X.ni tanishini aytib, shunday dedi:  

“Men bu ko‘rsatmalarni to‘liq inkor qilaman. Bu odamga A.X. pulni berishi kerak edi. Men binoni beraman, u menga pulni berishi kerak edi. Binoni kim sotib olyapti – unisi bilan qiziqmaganman. Menga investor olib kelishini aytgan.  

Siz (R.G‘. – tahr.) sudni aldamang. Men siz bilan ko‘rishmaganman. Mana A.X. ham o‘tiribdi shu yerda. Menga pulni u bergan. Oldi-berdimiz ham u bilan bo‘lgan. Binoni oxir-oqibat o‘zi sotib oldi. Men hatto, sizni biznes hamkor ekaningizni bilmaganman. Menga “bitta investor sotib olmoqchi” degan boshida”, deydi Oybek Miraliyev sud zalida.  

Shundan so‘ng, ayblanuvchilarning advokatlari Eldor Miraliyevga nisbatan ehtiyot chorasini o‘zgartirish bo‘yicha iltimosnoma kiritdi.  

“Hurmatli sud, Eldor Miraliyevga qo‘yilgan ayblovlardan 166-modda (talonchilik) bo‘yicha jabrlanuvchining ko‘rsatmasini eshitdik. A.Sh. (jabrlanuvchi) hatto Eldorni tanimasligini aytdi. 168-modda (firibgarlik) bo‘yicha Sh.A. da’vo qilayotgan pul summasi allaqachon depozitda turibdi. Lola Rahimovaning da’vosidagi Mercedes-Maybach avtomashinasi davlat tomonidan taqiqda turibdi. Shu sababli, Eldor Miraliyevga nisbatan qo‘llanilgan qamoq ehtiyot chorasini o‘zgartirishingizni so‘rayman”, deydi himoyachi. 

“Bu insoniylik nuqtai-nazardan ham to‘g‘ri ish bo‘lar edi. Axir, bir oiladan ikki nafar inson qamoqda turibdi-ku”, deydi yana bir advokat. 

Boshqa bir himoyachi Eldor Miraliyevni mantiqqa zid ravishda qamoqda ushlab turish davlat byudjetiga ham ziyon ekanini aytdi.  

Sud ushbu iltimosnoma bo‘yicha maslahatga kirdi va tegishli ajrim chiqardi. Sud Eldor Miraliyev o‘ta og‘ir jinoyatni sodir etishda gumonlanayotgani, dalillarni ochishda to‘sqinlik qilish ehtimoli, guvohlar hali to‘liq so‘roq qilinmagani sababli advokatlar bergan iltimosnomani rad etdi. Ya’ni, Eldor Miraliyev sud jarayoni vaqtida qamoqda saqlanishi davom etishini belgiladi.  

Sud joriy yilning 12 mart kuniga qadar tanaffus e’lon qildi.


Maqola muallifi

Teglar

Miralievlar ishi

Baholaganlar

489

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing