Miraliyevlar ishi: sudda G‘ofurboyning rafiqasi bir emas, ikki mamlakat fuqarosi ekanini aytdi

Tahlil

image

Xabaringiz bor, QALAMPIR.UZ’da AIBA’ning sobiq prezidenti G‘ofur Rahimovning rafiqasi Lola Rahimova va aka-uka Miraliyevlar o‘rtasidagi sud ishi muntazam yoritib kelinmoqda. 

Bundan oldingi sud majlisida jabrlanuvchi sifatida Lola Rahimova ham sud majlisida ishtirok etgan edi. Biroq, bu jabrlanuvchining ishi bevosita Oybek Miraliyevga taalluqli ekani bois, ikki aka-uka Oybek va Eldor Miraliyevlar ishi birlishtirilgan edi. Shu sababli, Lola Rahimovaning ko‘rsatmalarini eshitish keyinga qoldirilgan edi.

Joriy yilning 5 mart kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Sirg‘ali tuman sudida boshqa jabrlanuvchilar qatori Lola Rahimova ham ko‘rsatma berdi. 

“2013 yilda menga nisbatan Milliy xavfsizlik xizmati tergov bo‘limi tomonidan jinoiy ish qo‘zg‘atilgan. Shu sababli, menga xalqaro miqyosda qidiruv e’lon qilindi. 2019 yil 5 yanvar kuni menga nisbatan jinoyat alomatlari yo‘qligi bois jinoiy ish tugatilib, qidiruv bekor qilindi. Men qidiruvda bo‘lgan vaqtimda Rossiya federatsiyasiga kira olmaganim tufayli Oybek Miraliyevdan mening nomimdan Rossiyada ish yuritishini so‘radim. Uning ukasi Sardor Miraliyev mening nomimdan O‘zbekistonda ish yuritishi uchun ishonchnoma berdim. Oybek Miraliyev ishonchnoma bilan Rossiyada kredit oldi. Chunki u mening ishonchimga kirgan inson edi”, deydi Lola Rahimova.

G‘ofur Rahimovning rafiqasi shuningdek Oybek Miraliyev Rossiyadan olgan krediti asosida 4 ta avtomobil olgani, nizo aynan oxirgi avtomobil sabab chiqqanini aytdi. Rahimova Oybek Miraliyev ustidan Rossiya huquqni muhofaza qiluvchi organlariga ham arz qilganini, u Rossiya fuqarosi ham ekanini ta’kidladi. 

Advokat: “Rahimova aytingchi siz O‘zbekiston fuqarosimisiz? 
Rahimova: Rossiya fuqarosi
Advokat: Sizda ikki fuqarolik bormi? Nechanchi yildan beri Rossiya fuqarosisiz?
Rahimova: Ikkita fuqarolik. SSSR parchalangan davrdan beri. 
Advokat: Siz Rossiya fuqaroligini olganingizda O‘zbekiston fuqaroligidan kechganmisiz?
Rahimova: Yo‘q.

Advokatlar Rahimovadan 2 million dollar berishni ko‘zda tutgan kredit shartnomasini ko‘rgan yoki ko‘rmagani, shartnomada pul nimalarga sarflanishi lozim ekani haqida so‘rashdi. Jabrlanuvchi shartnomaning ichidagi mazmunini bilmasligi, bu masalada to‘la Oybek Miraliyevga ishonganini aytadi. 

Advokatlar Rahimovadan Rossiyadan olingan kreditlar yopilgani va bundan Rahimovaning xabari bor yo yo‘qligini so‘rashdi. Lola Rahimova kreditlarning bir qismini Oybek Miraliyev, qolganini o‘zi yopganini ta’kidlamoqda. Rahimova Miraliyevdan avtomobil “Mercedes maybach” uchun 200 ming AQSH dollari talab qilayotganini aytadi. Shuningdek, Oybek Miraliyev bitta ko‘chmas mulkni sotib, unga pulini bermaganini va 2 million 800 ming AQSH dollari talab qilishini aytdi. 

Jabrlanuvchi Lola Rahimovaning ko‘rsatmalaridagi da’vo qilayotgan masalalarni Oybek Miraliyev va Eldor Miraliyevlar to‘liq inkor etishdi.

Sud majlisida yana bir jabrlanuvchi deya e’tirof etilgan A.G. ham ko‘rsatma berdi.

“Oybek Miraliyev mening og‘aynim. U vaqtida soya biznesi bilan shug‘ullanishni taklif qilib, mendan 950 ming AQSH dollari olgan. Pullarni menga u to‘liqligicha qaytargan. 2019 yil 25 oktyabr holatida mendan 550 ming AQSH dollar qarzi borligi tufayli arz qilganman. Lekin pullar menga qaytarildi. Parrandachilik korxonasi bankrot holatiga kelgan. Pullarni esa bank kredit qarzlariga yo‘naltirgan. Shu sababli pullarni bera olmayotganini aytgan. Menga Navoiydagi parranda fabrikasini ham taklif qildi. Menga to‘g‘ri kelmagani uchun taklifni rad qildim. Shu orada u qamoqqa olingani uchun pullarni bera olmadi. Tergovchilar “ariza yozib qo‘yaver, pullaringni bo‘lmasa olib qo‘yishadi” degani uchun ariza yozdim. Bo‘lmasa yozmasdim”, deydi jabrlanuvchi.

A.G. Oybek Miraliyev fors-major holati tufayli qarzlarini qaytara olmagani, hozirda Miraliyevlarga nisbatan da’vosi yo‘qligini aytdi. 

“Men shikoyatim yo‘qligi tufayli da’voyim yo‘q deb ariza yozib keldim. Marhamat, arizamni sudga taqdim eta olaman”, deydi u.

Sud majlisi so‘ngida advokatlardan biri Lola Rahimova va Miraliyevlar masalasida audioyozuvlar mavjudligi va uni sudga taqdim etishini aytdi. 

“Hurmatli raislik etuvchi, hozirgi biz bergan savollar bo‘yicha yozma ko‘rinishini berganmiz. Biz audioyozuvni asl nusxasini sudga taqdim qilamiz. Sababi biz Bosh prokuraturada tazyiqlarda bo‘lganimiz uchun buni faqat sudga taqdim qilamiz”, deydi ayblanuvchining himoyachisi.

Sud, dushanba, 9 mart kuniga qadar qoldirildi. 

Ish: Oybek Miraliyev jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) 4-qismi “a” bandi bilan ayblanib, unga nisbatan “qamoqqa olish” ehtiyot chorasi qo‘llanilgan holda qidiruv e’lon qilingan. 2019 yil 23 sentyabr kuni u huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari tomonidan ushlangan.

Eldor Miraliyevga nisbatan esa Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi “a” bandi va 168-moddasi 4-qismi “a” bandi, 166-moddasi 4-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. 

Ma’lum bo‘lishicha, Eldor Miraliyev firibgarlik asosida 2 milliard 331 million 125 ming so‘m (500 ming AQSH dollari) va talonchilik yo‘li bilan 1 milliard 195 million 3 ming 600 so‘m (140 ming AQSH dollari) miqdorida mablag‘larni o‘zlashtirganlikda ayblanmoqda. Bosh prokuror o‘rinbosari tomonidan ushbu holat ayblov xulosasi asosida sudga taqdim etilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Miralievlar ishi

Baholaganlar

511

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing