G‘ofur Rahimovning rafiqasi va Miraliyevlar ishiga Kalashnikovning nima aloqasi bor?
Jamiyat
−
07 fevral 2020
21383Parrandachilik biznesi bilan shug‘ullanuvchi aka-ukalar Oybek va Eldor Miraliyevlar hibsga olingani va ular ustidan sud ishi boshlangani haqida xabar bergan edik. E’tiborli tomoni, ishda jabrlanuvchi sifatida G‘ofur Rahimovning rafiqasi Lola Rahimova ham qatnashayotgani haqida ma’lum qilingan edi.
Shundan so‘ng, QALAMPIR.UZ navbatdagi sud majlisida qatnashib, jabrlanuvchi Sh.A.ning so‘zlarini keltirdi. Jabr ko‘rgan shaxs o‘z ko‘rsatmasida, Eldor Miraliyev bilan 300 ming AQSH dollariga teng oldi-berdisi bo‘lgani va pulning ma’lum qismini qaytarib ololmagani haqida shikoyat qildi.
Kecha, 6 fevral kuni jinoyat ishlar bo‘yicha Sirg‘ali tuman sudida ayblanuvchi E.Miraliyev ustidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi “a” bandi va 168-moddasi 4-qismi “a” bandi, 166-moddasi 4-qismi “a” bandi bilan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi yuzasidan navbatdagi sud jarayoni bo‘lib o‘tdi.
Sudda jabrlanuvchilar Sh.A. va A.Sh.larning ko‘rsatmalari tinglandi. Dastavval, Sh.A. o‘zining oldingi sud majlisida bergan ko‘rsatmalari bo‘yicha advokatlar tomonidan savollar berildi.
Keyingi jabrlanuvchi A.Sh. ham ushbu sud majlisida so‘zga chiqdi. Mazkur shaxs dastlabki tergovdagi birinchi ko‘rsatmalarini rad etdi. A.Sh. ko‘rsatmasida qayd etishicha, u bayonnomani o‘qimay imzo chekkan.
“Umarov degan shaxs Bosh prokuraturadan ekanini aytib chaqirdi. Miraliyevlar haqida so‘radi. Tanimasligimni aytdim. To‘g‘risi ham shu-da. Eldor Miraliyevni birinchi marta ko‘rib turibman. 2018 yildan beri mashina biznesi bilan shug‘ullanaman. Menga Jahongir degan bola mashina olishini aytib murojaat qilgan.
Prokuratura menga ko‘rsatmam uchun qo‘l qo‘ydirib oldi. Keyinroq chaqirib videoga olishlarini aytishdi. Shundan keyin meni ishda jabrlanuvchi sifatida jalb qilishmoqchi ekanini tushunib qoldim. Lekin men Eldorni tanimasligimni aytdim. Men barcha olishim kerak bo‘lgan narsa, ya’ni mashinamni oldim. Rossiyadan olib kelgan mashinamga boj to‘langan”, deya ko‘rsatma berdi.
Jabrlanuvchi shuningdek, Rossiyadan mashina olib kelishini aytib, u yerda Kalashnikov degan do‘sti bilan birga faoliyat yuritishini aytdi. Kalashnikov mashinani Rossiyadan yuborsa, o‘z nomiga rasmiylashtirib keyin sotishini, pullarni oldindan olishini aytib o‘tdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Jahongir 150 ming AQSH dollariga teng mashinani buyurtma qilgan. Bunday mashinani Kalashnikov jabrlanuvchiga Rossiyadan yuborgan. Jahongir A.Sh.ga avtomobil uchun boj to‘lovi – 509 million so‘m va “zakalat” sifatida 10 ming AQSH dollarini bergan. Ular pul to‘liq berilguncha avtomobil A.Sh.ning nomiga rasmiylashtirilishini kelishishgan.
Jabrlanuvchining himoyachilaridan biri agar ayblanuvchini tanimasa qanday qilib Eldor Miraliyevga Jinoyat kodeksining 166-moddasi bo‘yicha ayblov qo‘yilgani haqida so‘radi. Jabrlanuvchi A.Sh. ayblanuvchini tanimasligi va unga nisbatan talonchilik sodir etmagani haqida ko‘rsatma berdi.
Sud majlisida jabrlanuvchilardan birining advokati sud yopiq tarzda ko‘rilishi, sud majlisi ishtirokchilariga barcha holatlar sir saqlanishi majburiyatini yuklash haqida iltimosnoma kiritdi. Raislik qiluvchi sudya ushbu masalada prokuror fikri bilan qiziqdi. Prokuror ayni vaqtda ochiqlik siyosati olib borilayotgani haqida gapirib, iltimosnomani rad etishni so‘radi. Boshqa advokatlar ham shu fikrni ma’qullashdi. Jabrlanuvchilar fikri ham so‘raldi. So‘ngra, raislik qiluvchi sud majlisi ochiq va shaffof o‘tilishi lozim ekanini aytib, iltimosnomani to‘liq rad etdi. Shuningdek, sudning yopiq tarzda o‘tilishi qaysi hollarda o‘tkazilishi bo‘yicha qonunchilikda tushunarli qilib yozilganini ham eslatib o‘tdi.
Keyingi sud majlisi joriy yilning 11 fevral kuni o‘tkazilishi belgilandi. E’tiborli jihati, sud majlisida raislik qiluvchi sudya o‘zining maxsus mantiyasida ishtirok etdi. Bu yangi tartib amalga kiritilganidan darak bermoqda.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati yigirma uchinchi yalpi majlisida “O‘zbekiston Respublikasi sudyalarining maxsus kiyimi tavsifi va namunasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarorni qabul qilgan edi.
LiveBarchasi