G‘ofur Rahimov Toshkentda yashamoqda, qidiruvdaligi rad etildi

3-sahifa

image

Ma’lumki, bir necha kundan buyon O‘zbekiston bo‘ylab jinoyatchilikka qarshi davom etayotgan “Dolzarb 40 kunlik” profilaktika tadbirlarida jinoyat olamining o‘nlab vakillari qo‘lga olinmoqda. Ijtimoiy tarmoqlar va odamlar orasida esa O‘zbekiston professional boks federatsiyasi vitse-prezidenti – Butunjahon boks kengashi (WBC) oliy kengashi a’zosi G‘ofur Rahimov qidiruvga berilgani haqida gaplar tarqaldi. 

Tarmoqda aytilayotgan gaplarga qaraganda, Rahimov O‘zbekistonni tark etgan va qidirilmoqda. QALAMPIR.UZ’ning huquq-tartibot organlaridagi manbasi esa buni rad etmoqda. 

Ayni vaqtda esa ijtimoiy tarmoqlarda shu kunlarda G‘ofur Rahimov Toshkentda bo‘lib turgani, oilasi bilan emin-erkin yashayotganini dalillovchi videolar tarqalmoqda. 

Ikki videoda Rahimov Toshkentdagi “Oloy” va “Chorsu” bozorlarida savdo qilayotgani aks etgan bo‘lsa, yana bir tasvirda u rafiqasi bilan restoranlardan birida qahva ichayotganini ko‘rish mumkin.

G‘ofur Rahimov 72 yoshda. U Vikipediya ma’lumotlarida jinoiy guruh boshlig‘i sifatida qayd etilgan. 

2012 yilda AQSH Federal qidiruv byurosi Rahimovning biznesi bilan qiziqib, o‘zbekistonlik tadbirkorni sobiq SSSR davlatlaridan kelgan jinoyatchilarni o‘z ichiga olgan “Birodarlar doirasi” jinoiy guruhi yetakchilaridan biri deb hisoblagan.

AQSH Moliya vazirligining rasmiy veb-saytida Rahimovning jinoyat olamidagi ishtirokiga ishora berilgan. 

Eslatib o‘tamiz, bugungacha mamlakatda O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi raisining o‘rinbosari, Sport kurashlari assotsiatsiyasi raisi Salim Abduvaliyev, “Saidaziz medgorodok” nomi bilan tanilgan Saidaziz Saidaglamovich Saidaliyev, “Baxti Tashkentskiy” laqabi bilan tanilgan Baxtiyor Qudratullayev, “Buzruk” nomi bilan tanilgan Buzruk Buzrukov, Toshkentning “kriminal avtoriteti” ekani aytilgan muqaddam sudlangan Abbosxon Xo‘jayev qo‘lga olingan.


Maqola muallifi

Teglar

G'ofur Rahimov

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing